O‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi
Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining Samarqand viloyati hududiy vakilligi “Innovative Centre” hamkorligida memorandum imzolandi.
Hududiy markaz direktori A’lamjon Ibragimov hamda “Innovative Centre” rahbari Muhammadjon Soliyev o‘rtasida imzolangan mazkur memorandum xalq ta’limi tizimida xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirishga qaratildi. Xususan, markaz professor-o‘qituvchilarini xalqaro IELTS va CEFR hamda ingliz tili o‘qituvchilarining tan olingan xalqaro malaka oshirish kurslari (TKT, TESOL, TEFL, CELTA va boshqa)da sertifikatlashtirish tizimini tashkil qilish yuzasidan hamkorlik o‘rnatildi.
Samarqand shahridagi “Innovative Centre” ayni vaqtda “Cambridge Assessment English”ning O‘zbekistondagi imtihonlar markazi bo‘lib, ushbu hamkorlik tizimida xorijiy tillarni o‘rganish sohasini yanada rivojlantirish va zamon talablariga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi axborot xizmati.