Ikki taraflama muzokaralar inson resurslarini rivojlantirishga xizmat qiladi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idoralar rahbarlarining II yig‘ilishi doirasida ikki taraflama muzokaralar va memorandumlar imzolash marosimlari boshlandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov Ozarbayjon Respublikasi Davlat imtihon markazi rahbari Maleyka Abbaszade bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, ikki tashkilot vakillari ishtirokida tematik seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish, davlat xizmatiga qabul qilish, davlat xizmatchilari faoliyatini baholash va davlat xizmatchilari reyestrini yuritish masalalari bo‘yicha tajriba almashish, davlat organlarining kadrlar bo‘linmalari faoliyati va kadrlarni boshqarishning yangi uslublari va texnologiyalarini o‘rganish hamda kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida yetakchilik va boshqaruvchilik xususiyatlariga ega yoshlar orasidan eng yaxshi rahbarlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun tanlov o‘tkazish tajribasini o‘rganish masalalarida hamkorlik olib borishga kelishib olindi.
Shuningdek, O.Hasanov Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat xizmati va mahalliy hokimiyat ishlari bo‘yicha agentligi direktori Kudaybergen Bazarbayev, Qozog‘iston Respublikasi Davlat xizmati ishlari bo‘yicha agentligi raisining o‘rinbosari Azamat Jolmanov bilan muzokaralar olib bordi. Bu muzokaralarda 2024 yil uchun hamkorlik yo‘nalishlari rejasi muhokama qilindi va kelishuvlarga erishildi.