Iste’molchining huquqi hamma joyda kafolatlanishi zarur

Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlarining maslahat yig‘ilishlari o‘z ishini boshladi.

Tadbirda, shuningdek, mazkur xalqaro tashkilotlar kotibiyatlari, Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumer International)ga a’zo davlatlar vakillari, mamlakatimiz parlamenti hamda tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etmoqda.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov so‘zga chiqib, tadbirdan ko‘zlangan maqsad va kutilayotgan natijalar haqida so‘z yuritdi.

Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumer International) bosh direktori Helen Loran xonim videomurojaat orqali maslahat yig‘ilishlari ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo va ishtirokchi davlatlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar rahbarlarining Maslahat yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi rahbari Qobiljon Sobirov, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha hay’ati a’zosi Valentin Tataritskiy tashkilotga a’zo davlatlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning bugungi holati, bu borada hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarga e’tibor qaratdi.

– Mazkur nufuzli tadbir birinchi marotaba va aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani bejiz emas, – deydi ShHT bosh kotibi maslahatchisi Shohruh Bobonov. – Keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda qonunchilik takomillashib, jamiyatning davlat va xalq hayotidagi ahamiyati oshdi. Shu va boshqa ilg‘or tajribalarni o‘zaro bo‘lishish nafaqat iste’molchilar huquqini himoya qilish, balki hamkorlikning ko‘p qirrali munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadbirda tashkilotlar o‘rtasida xalqaro, mintaqaviy va milliy bitimlar tuzilishi, kelishuv va memorandumlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda ShHTga a’zo davlatlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari rahbarlari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi hamda takliflarini bildirdi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari rahbarlarining maslahat yig‘ilishida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari vakillari ishtirok etib, hamkorlikning kelgusi istiqbollari yuzasidan fikrlashib oldilar.

Yig‘ilishlarda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini boshqa ishtirokchi davlatlar hududida himoya qilish, transchegaraviy murojaatlarni ko‘rib chiqish, “raqamli bozor”da iste’molchilar huquqini ta’minlash singari dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

– Bu kabi yuqori salohiyatli tadbirlar soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Gruziya iste’molchilar federatsiyasi raisi Koidze Madonna. – Boisi biz jarayonda har bir davlatning tajribasini o‘rganib, uni takomillashtirish orqali o‘zimizda qo‘llash imkoniga ega bo‘lamiz. Sohada yangilik o‘ylab topish kerak emas. Tajribalar mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri qo‘llash orqali ham yuqori samaraga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, bizda iste’molchilar huquqini media orqali himoya qilish tajribasi bor. Bu loyiha iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan. Agar u ishtirokchilarga qiziq bo‘lsa, xursand bo‘lamiz.

Maslahat yig‘ilishlarida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo-ishtirokchi mamlakatlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarning Xalqaro assotsiatsiyasini tuzish masalasi ham ko‘rib chiqildi.