O‘zbek ayollarini aldab, xorijga fohishalikka jo‘natgan shaxs qo‘lga olindi
Jizzax viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Jizzax shahri Xalqobod mahallasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan X.B. odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, X.B. Birlashgan arab amirliklari, Malayziya va Tailandga muntazam borib, tungi klub va fohishaxonalarga mamlakatimizda yashovchi ayollarni jo‘natish bilan shug‘ullangan.
Chunonchi, “Instagramm” tarmog‘ida profil ochib, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro va Jizzax viloyatida yashovchi xotin-qizlarni Toshkent shahrida yashovchi sherigi orqali chet elga jo‘natgan.
Ayollar xorijga borgach, X.B. ularning har biridan 8 ming AQSh dollari talab qilgan, bunga rozi bo‘lmaganlarni mahalliy jinoyatchilarga topshirib yuborish bilan tahdid qilgan.
Jabrlanuvchilar chet tilini bilmaganliklari, xorij qonunlaridan bexabarliklari hamda qaytish uchun pullari yo‘qligi sabab X.B.ning shartlariga ko‘nishgan.
Ayni vaqtda ayblanuvchining 20 nafar xotin-qizdan shu jirkanch maqsadlarda foydalanganligi aniqlandi. Xususan, Tailandga sotilgan 12 nafar fuqaroning shaxsi aniqlanib, 9 nafar jabrlanuvchidan arizalar olingan.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.