O‘zbekiston Bosh konsulligi mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini Janubiy Xitoyda bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmalarga taklif etmoqda
Bosh konsullik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston eksportchilari uchun tegishli shartnomalar tuzish va yangi importyor hamkorlar topish yo‘nalishida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida Xitoyning Xaynan provinsiyasida o‘tkaziladigan ikkita ko‘rgazmada o‘zbek korxonalarining ishtirokini ta’minlash va milliy mahsulotlarni namoyish etish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Jumladan, shu yil 28-30 sentyabr kunlari Xaynan provinsiyasida «Tovarlar import-eksporti ko‘rgazmasi» bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston korxonalari o‘z mahsulotlari namoyish etishi uchun 18 kv.m. maydonda bepul stend tashkil etiladi.
Bundan tashqari, joriy yilning 12-15 oktyabr kunlari Xaynan provinsiyasi Xaykou shahrida «HAINAN INTERNATIONAL TROPICAL FOOD SUPPLY CHAIN EXPO-2023» xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur yarmarkada mamlakatimiz eksportyor korxonalari o‘z mahsulotlarini keng namoyish etishi uchun 32 kv.m. maydonda yurtimiz stendi yaratiladi.
Ushbu tadbirlar tashkilotchilariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar to‘risidagi batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan.
Shu bilan birga, mazkur ko‘rgazmalar davomida mamlakatimizning eksport, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati taqdim etiladi.
Mamlakatimiz qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi va milliy hunarmandchilik mahsulotlarini Janubiy Xitoy hududiga eksporti hajmini oshirish, yangi importyor hamkorlar topish, eksport shartnomalarini imzolash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyat hokimliklari, Savdo-sanoat palatasi va Eksportchilar uyushmasi tarkibidagi salohiyatli tadbirkor va eksportyorlar ushbu ko‘rgazmalarda ishtirok etishlari mumkin, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA.