"O‘zbekiston havo yo‘llari", Vazirlar Mahkamasi va bank xodimlarida koronavirus aniqlandi

17 iyun kuni aholi orasida 13 kishida koronavirus aniqlandi. SSV koronavirus aniqlangan joy va shaxslar haqida ma’lumot berdi.

Jumladan, Toshkent shahri ichki ishlar tizimi tergovchisida, Mirobod tumanida yashovchi fuqaroda (ikkalasida ham tana harorati ko‘tarilgan va tomoqda og‘riq kuzatilganligi sababli o‘zlari borib namuna topshirgan), “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJning 2 nafar mutaxassisida (ishga chiqish uchun namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Xalq banki filiali xodimi va uning onasida, Sirdaryo viloyatidagi elektr stansiyasi ishchisi va uning o‘g‘lida (tana harorati ko‘tarilgan va Bekobod tumanidagi shifoxonaga yotqizilgan), Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati ko‘tarilgan va tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), Buxoro viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasining 3 nafar tibbiyot xodimida ham infeksiya aniqlangan.

Bugun ayni paytga qadar kasallik aniqlangan 15 nafar bemordan 9 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan. Ular orasida Vazirlar Mahkamasining ikki nafar xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Hozirda paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.