Koronavirusga chalinganlar soni kamaydi. Kasallik yana avj olishi mumkinmi?

Ushbu savolgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Nurmat Otabekov javob berdi.

— Haqiqatan ham keyingi kunlarda koronavirus kasalligi qayd etilishida pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu holatni uchta jihat bilan baholash mumkin:

➖ birinchisi, koronavirus kasallanib, sog‘ayganlar soni kundan-kunga ortib boryapti (tabiiy immunitet orttirganlar);

➖ ikkinchisi, koronavirusga qarshi vaksinalarning dastlabki dozalarini olganlar va to‘liq emlanganlar soni ham ortib boryapti (faol orttirilgan immuniteti borlar);

➖ uchinchisi, koronavirus kasalligi oxirgi avj olgan davrida immun tizimi nochor (kuchsiz) bo‘lgan aholi qatlami kasallikni yuqtirib ulgurdi va aholi orasida immunitet darajasi birmuncha yuqorilargina kasallikka chalinmay qoldilar.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu sabablar vaziyatga bevosita o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

Shunday ekan keyingi bosqichda (navbatdagi kasallik avjida) immun tizimi nochor (kuchsiz) bo‘la turib kasallanmay qolgan aholi qatlami va hozircha birmuncha yuqoriroq immunitetga ega bo‘lib, vaqt o‘tishi barobarida uning susayib borishi kuzatiladigan aholi hisobidan kasallik qayd etilishi yana ko‘tarilishi mumkin.

Aslo yodimizdan chiqmasligi kerak, jamoaviy immunitetni shakllantirmay turib (kasallanib yoki emlanib) epidemik vaziyatning barqarorligiga erishib bo‘lmaydi. Kasallikdan keyingi immunitet tarangligi esa nechog‘lik turg‘un ekanligini bilmaymiz. Shu bois kasallanganlik yoki kasallanmaganlikdan qat’iy nazar epidemik ko‘rsatmaga asosan koronavirusga qarshi emlanish zarur.