O‘zbekiston hindistonlik yangi oilalar uchun to‘y sayohati manziliga aylanishi mumkin

Hindistonda 24 fevral kuni yakunlangan Janubiy Osiyo savdo-turizm ko‘rgazmasi (South Asia Trade Travel Exhibition - SATTE) doirasida uyushtirilgan muhokamalarda O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning turizm salohiyati taqdim qilindi.

Mamlakatimiz milliy pavilonida diplomatiya missiyasi, O‘zbekiston turizm qo‘mitasi, qator turistik kompaniyalar hamda Hindiston va boshqa davlatlarning sayyohlik tashkilotlari va kompaniyalari vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Ularda, jumladan, sayyohlikning yangi turlarini birgalikda o‘zlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, to‘y marosimlarini uyushtirishga ixtisoslashgan yirik «WDNE» kompaniyasi katta vitse-prezidenti Vandita Bava bilan uchrashuv chog‘ida ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi urg‘ulandi hamda bu borada qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.

- O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va sayyohlik imkoniyatlari jozibadorligi bilan ajralib turadi, - deydi "Flying Leader" kompaniyasi vakili Hamir Singx. – Tez kunlarda bir guruh sayyohlarni O‘zbekistonga olib borayotganimizdan xursandmiz. Mamlakatingizning go‘zalligi bilan yaqindan tanishish va mehmondo‘stlik an’analarini his qilish niyatidamiz.

- Ushbu nufuzli ko‘rgazmada O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda mamlakatning go‘zalligi va boy merosini ilgari surayotganimizdan mamnunmiz, - deydi "Blink Brand Solutions" kompaniyasi vakili Anish Mahajan. - Hindistonlik sayyohlar orasida O‘zbekistonning turizm xilma-xilligi haqida yorqin tasavvurni shakllantirishga qaratilgan turkum tadbirlar o‘tkazayapmiz. Joriy yil O‘zbekistonga o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘p sayyohlarni yo‘naltirishga erishi jarayoniga o‘zimizning amaliy hissamizni qo‘shamiz.

Hindistonda O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini ilgari surish bo‘yicha turkum tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. 27 fevral kuni Maharashtra shtatida "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasi tomonidan aprel oyida Toshkent–Mumbay–Toshkent havo qatnovini qayta tiklanayotgani hamda mamlakatimizning jozibador turizm yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yirik taqdimot marosimi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev mamlakatimizning jozibador turizm salohiyati haqida so‘zlab berdi. Aytilishicha, 2023 yil Hindistondan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi 2022 yilga nisbatan qariyb to‘rt marta oshgan, deya xabar bermoqda  “Dunyo” AA.