O‘zbekiston huquqshunoslarining sevimli ustozi Hojiakbar Rahmonqulovni xotirlab

Ustozning sabog‘idan 1980 yildan bahramand bo‘la boshladim. O‘shanda domla O‘zFA tomonidan SamDU huquqshunoslik fakultetiga yordam berish uchun kelgandi.

Bu yerda domla fuqarolik-huquqshunoslik fanlari kafedrasini tashkil etdi va unga boshchilik qildi, o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar saviyasini oshirishga ko‘maklashdi. O‘qituvchilar tarkibining ilmiy ishlari va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilishini uyushtirdi, ilmiy ishlar mavzularini belgiladi va bir qancha yuridik fanlar nomzodlarini tayyorladi.

Talabalik paytimda universitetda, shahar va viloyat miqyosida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etib, ustozning dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ma’ruzalaridan bahramand bo‘lganman.

Professor H.Rahmonqulov ma’ruzalari darslik doirasi bilan chegaralanmasdi. Iqtisodiyot qonun-qoidalarining fuqaro, jamiyat va ijtimoiy hayotga ta’sirini biz, talabalarga o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqib tushuntirardi.

Misol uchun, omonat shartnomasi (lombard) mavzusini tushuntirgani esimdan chiqmaydi. O‘shanda aspiranturaning birinchi yilini bitirib, yozgi ta’tilga, Sayramga ota-onalari va qarindoshlari bag‘riga borishni rejalashtirgan olim qishki palto va boshqa issiq kiyimlarini omonatga (sentyabr oyigacha “lombard”ga) topshirib, undan olingan pul evaziga aviachipta xarajati va boshqa uyga sovg‘a-salom masalasini hech kimga muhtoj bo‘lmay yechganlarini g‘urur va iftixor bilan biz talabalarga so‘zlab bergandi.

Ustozning aspirantlar bilan individual ishlash uslubi o‘ziga xos edi. Domla ishlagan davrlarda, ya’ni fuqarolik huquqi fanidan mutaxassislik bo‘yicha davlat komissiyasiga imtihon topshirgan aspirant keyingi bosqichga, dissertatsiya qo‘lyozmasini kafedrada birinchi bor muhokama qilish huquqini olardi. Ustoz har bir aspirantga, ayniqsa, u kunduzgi bo‘limda o‘qiyotgan bo‘lsa, fuqarolik huquqi fanining har bir mavzusi bo‘yicha nashr etilgan kitob, ilmiy maqolalarni tahlil qilib, konspekt qilishni, ilmiy konferensiya materiallaridan boxabar bo‘lishni maslahat berardi. Domla yosh olimlar tomonidan fanning nazariyasi va amaliyotini puxta o‘zlashtirishga,  ular o‘z ilmiy izlanishlarida yangi ishlanmalarni ifodalashga jiddiy e’tibor berardi. Bu talabni domlaning sinovlaridan o‘tgan barcha shogirdlari u kishini talabchan olim, adolatli xislatlar sohibi, kamtarin inson sifatida eslashadi.

Ustozning “Sanoat va qishloq xo‘jaligi o‘rtasida tovar aylanishi sohasidagi shartnoma munosabatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida, “O‘zbekiston xalq xo‘jaligini yo‘lgan qo‘yishning huquqiy  masalalalari”, agrosanoat majmuida shartnomaviy majburiyatlarning har bir turini buzganlik uchun javobgarlik masalalari yoritilgan asarlarida ilgari surilgan ayrim nazariy va amaliy takliflar hozirgi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

H.Rahmonqulov Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi bo‘lib, mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi loyihasining “Jamiyat va shaxs” bo‘limini tayyorlovi ishchi guruhiga rahbarlik qildi. Uning  “Insonparvar davlat konstitutsiyasi” asari Konstitutsiyamiz ikkinchi bo‘limining mazmunini  tashkil qiluvchi asosiy qoidalarga bag‘ishlanadi. Mazkur asarda shaxs va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va burchlari bilan bog‘liq masalalarni yoritishda amaldagi qonunlar va xalqaro hujjatlarga  asoslanildi.

O‘zbekiston Respublikasining 1995-1996 yillarda qabul qilingan Fuqarolik kodeksining konsepsiyasini va haqli ravishda “Bozor iqtisodiyotining konstitutsiyasi” deb nisbat berilgan kodeks loyihasini tayyorlash ishlariga boshchilik qildi.

Mazkur qonun loyihasi ustida ustozlarimiz H.Rahmonqulov, I.Zokirov, B.Ibratov, R.Muhamedov, I.Anortoyev, Sh.Asyanov singari fidoyi olimlar ishladi. “Bozor iqtisodiyotining konstitutsiyasi” loyihasining tegishli qismlari va normalarini muhokama qilish chog‘ida domlalar biz, aspirantlar va yosh o‘qituvchilarni taklif etgani va bunda dastlabki qonun loyihasini tayyorlash jarayonining ilmiy va amaliy jihatlaridan bizni bahramand qilganliklari, aslida esa qonun loyihasi ustida bunday sog‘lom muhokama, munozara o‘tkazilgani biz uchun katta bilim va mahorat maktabi bo‘lganini faxr bilan eslaymiz.

Bunday tashqari, ustoz rahbarligida Oila kodeksi va iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi qator qonunlar loyihalari ishlab chiqildi. Bugungi kunda ushbu normativ-huquqiy hujjatlar mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ustozning tashabbusi va rahbarligi ostida O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik, Oila kodekslariga, mulkchilik, tadbirkorlik to‘g‘risidagi va boshqa qonunlarga tayyorlangan sharhlar huquqni qo‘llash amaliyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ustozning hovlisida birinchi bor bo‘lganimda ulkan kutubxonasini ko‘rib hayratda qolgandim. Domla har safar o‘zining yangi kitobini shogirdlariga sovg‘a qilib, uning ichiga samimiy va ijodiy tilaklar bitilgan dastxat yozib berardi. Aniq bir ijtimoiy-huquqiy mavzu bo‘yicha mazmunli va shirin suhbat boshlanib ketganida manbalardan, shu jumladan, domla sovg‘a qilgan kitobidan iqtibos keltirsangiz, “Demak kitob javonda turgan emas ekan, u o‘qilibdi, deb xursand bo‘lardi.

“Inson o‘zini nimaga bag‘ishlasa, o‘sha narsa doirasida shakllanadi”, derdi u kishi. Ustoz sermahsul ijodi bilan yoshu keksaga, ilm kishilariga namuna bo‘ldi. Ilmiy anjumanlarda dolzarb mavzularda ma’ruza qilish, talaba-yu magistrlar, aspirantu doktorantlar bilan ishlash, yangi kitoblar yozish, hatto kichkina qizi Nilufarga ertak-hikoya o‘qib berishgacha vaqt va imkon topardi.

Hojiakbar Rahmonqulovning bevosita ilmiy rahbarligida 60 nafardan ziyod yuridik fanlari nomzodi va 17 nafar yuridik fanlari doktori ilmiy darajalariga ega bo‘lgan yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlandi. Ular orasida qo‘shni davlatlar vakillari ham bor. Ustoz MDHga a’zo davlatlar Fuqarolik kodeksi modelini ishlab chiqishda faol qatnashgan. Unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni berildi, Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi va akademigi etib saylandi.

Ustoz Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga elimizning mard va jasoratli farzandlari kabi o‘zining munosib hissasini qo‘shgan edi. Biz shogirdlar har yili 9 may - Xotira va qadrlash kunida ustozimizni qutlagani kelganimizda, ustoz o‘zining qalbida asorat bo‘lib qolgan frontdagi og‘ir yo‘qotishlarni gapirib, jangohlarda qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini sira unutmasligimizni, tinchlikni qadrlashni, bo‘layotgan tahdid va xavflardan ogoh bo‘lishni ta’kidlardi. Ayniqsa, talaba-yoshlar orasida ma’rifiy-ma’naviy ishlarni maqsadli olib borishni nasihat qilardi. U “Vatan urushi” ordeni, o‘n bitta jangovar va yubiley medallari bilan taqdirlandi.

2014 yilning aprel oyida ustoz biz shogirdlarni Toshkent davlat yuridik universitetining xalqaro xususiy huquq kafedrasiga to‘pladi. Zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan xalqaro xususiy huquq fanining yangi tahrirdagi darsligini tayyorlashni topshirdi. Yoz oyida esa...

Mana, olti yildirki, ustoz oramizda yo‘q. Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Hojiakbar Rahmonqulovning yorqin xotirasi qalbimizda hamisha barhayot.

Komil RAShIDOV,

yuridik fanlari doktori, professor.