O‘zbekiston ilk marta figurali uchish bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazishi mumkin

O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marta figurali uchish bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

"Poytaxtimizda “Humo arena” ko‘p tarmoqli muz saroyining barpo etilishi eng yirik sport musobaqalarini qabul qilish imkoniyatini yaratmoqda. Ushbu arenada ko‘plab sport turlarida jahon chempionati kabi nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish mumkin.

Yurtimizda qishki sport turlarini rivojlantirish va ularni aholi orasida yanada ommalashtirish maqsadida qator istiqbolli ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston 2022 yili figurali uchish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatini qabul qilish niyatida. Bu borada Xalqaro konkichilar ittifoqiga rasmiy ariza topshirilgan va O‘zbekiston bu borada ayni paytda yakka da’vogar bo‘lib turibdi.

Musobaqa 2022 yilning 7-13 mart kunlari “Humo arena” muz saroyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.