O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limiga yangi rais saylandi
Har bir jurnalist, muxbir, bloger, umuman, ijod ahli bugungi axborot tezkorligi davrida ushbu talabga mos bo‘lishi kerak albatta.
Keyingi paytda sohada ko‘p yillik tajribaga ega, faxriy jurnalistlar tajribasi, salohiyatidan foydalanish, joylarda ular ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. Aynan shu kabi ishlarni Jurnalistlar uyushmasi hududiy bo‘limlari amalga oshirmoqda.
Bu fikrlar Samarqand viloyati Matbuot uyida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining umumiy yig‘ilishida aytildi. Unda uyushma viloyat bo‘limining 2022 yildagi faoliyati sarhisob qilindi.
– Samarqand jurnalistikasi maktabi, uning tarixi va ibrati haqida ko‘p aytiladi, - deydi uyushma boshqaruvi a’zosi M.Ibodullayev. – Bugun ushbu maktab faoliyati yanada jo‘shqin davom etyapti. Jumladan, bu yil qator xalqaro va davlat ahamiyatiga ega tadbirlar maydoniga aylangan Samarqandda muxbirlar, jurnalist va blogerlarni o‘rni yaqqol ko‘rindi. Ular barcha tadbirlarni yoritishda faol bo‘ldi. Bu ishlarda albatta, Jurnalistlar uyushmasining o‘rni katta. Bo‘lim faoliyati sarhisob qilinarkan, mana shu jihatlarning o‘zi uyushma yil davomida qanday ishlaganini ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari – Zarnews.uz veb-sayti muharriri Akram Haydarov O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi etib saylandi.
Yig‘ilish yakunida bo‘lim faoliyatiga oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Husan ELTOYeV.