Kamtar jurnalistning kamtarona mehnati e’tirof etildi

Viloyat «Matbuot uyi»da ko‘p yillar «Ovozi Samarqand» gazetasida faoliyat ko‘rsatgan muxbir, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Jamshid Obidovning 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan ma’naviy-madaniy tadbir tashkil etildi.

Tadbirga uzoq yillar davomida ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borgan faxriy jurnalistlar, shuningdek, ayni kunlarda gazeta va jurnallar, teleradiokanallarda faoliyat ko‘rsatayotgan soha fidoyilari, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistning yaqinlari hamda mahalladoshlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev so‘zga chiqib, mamlakatimizda so‘z erkinligiga, xususan, ommaviy axborot vositalariga alohida e’tibor qaratilayotgani, axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida gapirdi. Shundan so‘ng faxriy jurnalistlardan Tolib Yunuszoda, Rahmatullo Sharifzoda va boshqalar J.Obidovning kasbiy mahorati bugungi yosh ijodkorlarga tajriba maktabi ekani, uning bilim va salohiyatidan ko‘proq foydalanish zarurligini ta’kidladi.

«Ovozi Samarqand» gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonov jurnalistning ijodiy faoliyati haqida, uning jamoadagi o‘rni va mavqei, jurnalistik faoliyatidagi e’tiborga molik jihatlari to‘g‘risida so‘z yuritib, ijodkorning faoliyatidagi qiziqarli voqea va hodisalar haqida gapirdi.

Tadbirda J.Obidovga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi va «Ovozi Samarqand» gazetasi jamoasi tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.

Tadbir yakunida «Ovozi Samarqand» gazetasining jamoatchi muxbiri Rahmatullo Sharifzodaga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga qabul qilinganligi haqidagi a’zolik guvohnomasi topshirildi.

Shoxruh AShUROV.