Jurnalistning xato qilishga haqi yo‘q
An’anaga aylanib borayotgan sohada ko‘p yillik tajribaga ega ustoz ijodkorlar, nafaqadagi faxriy jurnalistlar bilan davra suhbatlarining navbatdagisi bugun viloyat Matbuot uyida tashkil etildi.
“Jurnalistika, bu – mulohaza, mushohada va tahlil qiladigan soha” mavzusida o‘tkazilgan mazkur davra suhbatida gazetachilik sohasida faoliyat ko‘rsatgan, umrining yarmidan ko‘prog‘ini matbuotga bag‘ishlagan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Rizoqul Xudoyqulovning 75 yilligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, sobiq radio suxandoni va muxbir Mohira Jumayevaning 70 yilligi ham nishonlandi. Ularning ijodiy faoliyati esga olindi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari A.Haydarov matbuotimiz faxriylarining tajriba va mahorati bugungi yosh qalamkashlarga ibrat maktabi ekanini, ular bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘l bugungi zamonaviy jurnalistika uchun o‘ta foydali ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev, viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi xodimi Qobiljon Xo‘jaqulov, “Navqiron Narpay” gazetasi muharriri Toshpo‘lat Toshmurodov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolaridan Matlab Hasanov, O‘rinboy Normatov, Dilmurod Do‘stmurodov, “Nigoh” gazetasi muharriri Abduhamid Xudoyberdiyev tadbir qahramonlarining ishlagan davrida va hayotlaridagi bo‘lib o‘tgan qiziqarli voqealarni esga olishdi.
Ustoz jurnalistlarga uyushma viloyat bo‘limi, "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik", "Ovozi Samarqand" gazetalari hamda Narpay tumani hokimligining sovg‘alari topshirildi.
Husan Eltoyev.