Ikki tilli bir xalq dildan suhbatlashdi
Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi delegatsiyasi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov hamrohligida Samarqandga keldi.
Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi raisi Zinnatullo Ismoilzoda boshchiligidagi Tojikiston teleradiokanallari rahbarlari, markaziy nashrlar bosh muharrirlari, axborot xizmatlari vakillaridan iborat delegatsiya dastlab Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali poyiga gul qo‘ydi.
Mehmonlarning keyingi manzili viloyat Matbuot uyi bo‘ldi. U yerda viloyat matbuoti tarixi muzeyida Samarqand jurnalistikasi o‘tmishi va rivojlanishiga bag‘ishlangan eksponatlar bilan tanishdi. Tahririyatlarda bo‘lib, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Shu yerning o‘zida viloyat ijodkorlari bilan davra suhbati tashkil etildi. Unda ustoz jurnalistlar hamda yosh ijodkorlarning hozirda jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotida ishtirok etib, joylarda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, xalqimiz mehnati, jasorati, millatlararo totuvlikni targ‘ib etishdagi, ularni matbuotda yoritishdagi faoliyati ham ibratli ekani aytib o‘tildi.
- Bu tadbirlar doirasidagi o‘zaro suhbatlarimiz ikki tilli bir xalqni madaniy-gumanitar aloqalarni yanada yaqinlashtirishda, azaliy do‘stlikni ulug‘lashdek mushtarak maqsadlarga erishishda muhim o‘rin tutadi, - dedi Z.Ismoilzoda. - Samarqandga qilgan tashrifimiz davomida bu yerdagi matbuot tarixi va buguni bilan bog‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lish, qolaversa, jurnalistlar bilan yanada kengroq ijodiy aloqa o‘rnatishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, Samarqandning bugungi qiyofasi, o‘zgarishlarini ham ko‘rish va ishlab chiqarishdagi yutuqlar bilan tanishish uchun keldik. Albatta, kelgusida bu kabi ijodiy safarlarimizni kengaytiramiz. Sizlarni ham mehmonga chorlaymiz.
Mehmonlar Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi, Sadriddin Ayniy uy-muzeyida bo‘ldi.
Husan ELTOYeV.