O‘zbekiston kubogi bahsida samarqandlik gimnastikachilar ikkinchi bo‘ldi

Samarqand shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqa Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyat hokimligi va O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda respublikamizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan 150 nafardan ortiq mahoratli badiiy gimnastikachilar, sport ustaligiga nomzodlar va sport ustalari yakkalik bahslarida, shuningdek, jamoaviy bellashuvlarda g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi tomonidan karantin davrida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan onlayn musobaqa g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi. Ular orasida 10 ga yaqin viloyatimiz gimnastikachilari ham bor.

Nafosat bellashuvida maktabimiz tarbiyalanuvchilari ham munosib ishtirok etib, mamlakatimiz terma jamoasiga qabul qilindi, - deydi  Samarqand shahar 2-bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Bekzod Po‘latov. – Ayniqsa, Taxmina Ikromova, Asal Ahmedova, Savadiyan Vilana, Amaliya Mamedova, Feruza Saydullayeva kabi mahoratli gimnastikachilarimiz eng yaxshi natijaga erishdi.

 

Qizaqarli kechgan kubok musobaqasi yakunida umumjamoa hisobida Toshkent shahridan kelgan gimnastikachi qizlar kubok sohibi bo‘ldi. Samarqandliklar hamda buxorliklar ikkinchi va uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Husan ELTOYeV.