O‘zbekiston kubogi. Final oldidan final: "Dinamo" — "Paxtakor"ga qarshi

O‘zbekiston kubogi yarim finalida "Dinamo" jamoasi Toshkentda "Paxtakor" mehmoni bo‘ladi.
Ikki jamoadan qay biri g‘alaba qozonsa, finalda "Buxoro" va "So‘g‘diyona" uchrashuvi g‘olibi bilan kuch sinashadi.
Uchrashuvlar tarixi
"Paxtakor" va "Dinamo" jamoalari kubok bahslarida shu paytga qadar 6 marta to‘qnash kelgan. Ikki marta uy-safar tartibida va ikki bor bitta o‘yindan iborat to‘qnashuvlar kuzatilgan.
"Sherlar" (Paxtakor) 3 g‘alabaga erishgan. Ikki uchrashuv durang bilan yakunlangan, yana bir o‘yinda esa "Dinamo" zafar quchgan. To‘plar nisbati — 18:10, "Paxtakor" foydasiga.
Vadim Abramov shogirdlari Superliga doirasida 2025 yilgi mavsumda “Paxtakor”ni mart oyida Toshkentda mag‘lub etgan (1:0), Samarqanddagi bahsda esa 1:1 hisobi qayd etilgandi. Kubok doirasidagi so‘nggi o‘yinda “Dinamo” 2023 yilda Pro liga vakili bo‘lishiga qaramay, chorak finalda “Paxtakor”ni 3:2 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l olgan edi.
Bugungi o‘yin har ikki jamoa uchun ham juda muhim. Agar asosiy vaqtda g‘olib aniqlanmasa, qo‘shimcha ikki bo‘lim, zarurat bo‘lsa, penaltilar seriyasiga murojaat qilinishi mumkin.
"Paxtakor" va "Dinamo" o‘rtasidagi o‘yin bugun soat 18:00 da "Jar" stadionida boshlanadi.
O‘yin "Sport" telekanali orqali jonli efirda namoyish etiladi.