O‘zbekiston parklaridagi deyarli barcha attraksionlar talabga javob bermasligi aytildi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Istirohat bog‘larida attraksion qurishda xavfsizlik choralari: muammo va yechimlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari madaniyat va istirohat bog‘larida attraksionlarni o‘rnatish tartib-qoidalari, investorlar va mahalliy tadbirkorlar uchun attraksionlarni import qilishda ishlab chiqilgan texnik reglament haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 16 ta ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hududlarida mavjud 129 ta madaniyat va istirohat bog‘lari hamda aholi dam olish maskanlaridagi jami 1845 ta attraksion xavfsizlik talablariga to‘g‘ri kelishi aniqlangan.

“O‘rganishlar natijasida 450 ta attraksion nosozligi sabab vaqtincha to‘xtatildi, — dedi qo‘mita raisi Baxtiyor G‘ulomov. — Istirohat bog‘larida attraksionlarni soz holatda va bexatar ishlatilishi bo‘yicha javobgar shaxslar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmay ishlatishda davom etsa, ma’muriy javobgarlikka tortiladi”.

Muloqot davomida attraksionlar mamlakatimizga asosan Xitoy davlatidan olib kelinishi, o‘zimizda ham buyurtma asosida yasalishi aytib o‘tildi.

Mutasaddilar har bir madaniyat va istirohat bog‘ida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tibbiyot punklarida shifokor va hamshira bo‘lishi shart etib belgilanganini bildirdi. O‘rganishlar davomida 854 ta attraksionda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud emasligi, 695 ta attraksionda javobgar shaxs tayinlanmagani aniqlangan.

Respublikamizdagi attraksionlarning 1292 tasida texnik pasport mavjud emasligi qayd etildi. 928 ta attraksionda ishlatish va o‘rnatish bo‘yicha yo‘riqnomalar mavjud emas.

“Bugungi kunda investor va mahalliy tadbirkorlar aholining talablari va qiziqishlaridan kelib chiqib, baland va tezligi yuqori bo‘lgan attraksionlarni ko‘p miqdorda olib kirib o‘rnatishmoqda, — dedi Baxtiyor G‘ulomov. — Bunday attraksionlarda uchishda fuqaro yoki o‘smir bolaning ruhiy-jismoniy o‘zgarishlariga, noxush holatlarga faqatgina ularning o‘zlari javobgar bo‘lishadi. Chunki inson o‘zining salomatligi va jismoniy holati nimani ko‘tara olishi va qanday tezlikka bardosh bera olishini o‘zi biladi”.