O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov necha yildan buyon saylovda qatnashadi?

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida joylashgan 115-saylov uchastkasida 1600 nafardan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan.

Ular qatorida “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov ham bor.

Qahramon otaxon bugun birinchilardan bo‘lib saylov uchastkasiga keldi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlarning eng munosiblariga ovoz berdi.

– “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar!” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu yilgi saylovlarga tayyorgarlik va bugungi ovoz berish jarayonlari har qachongidan o‘zgacha, yuqori saviyada ekanligini barchamiz ko‘rib turibmiz, – dedi Hasan Normurodov. – Bu avvalo saylovning yangi qonunchilik, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tayotgani bilan bog‘liq. Qolaversa, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davlat va jamiyat hayotida, xalqimiz turmush tarzida ham o‘z aksini topmoqdaki, bugun saylovda ishtirok etayotgan nomzodlar va saylovchilar buni yurakdan his qilmoqda. O‘zim ham 1956 yildan buyon saylovlarda ishtirok etaman. Bu borada 63 yillik tajribaga ega inson sifatida aytishim mumkinki, joriy yilgi saylovlar avvalgilardan tubdan farq qiladi. Va bu saylov natijalari davlatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonaman.