O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonuni loyihasi
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
1-modda. 1992 yil 8 dekabrda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 1, 4-modda; 1994 yil, № 1, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 3–4, 27-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 162-modda; 2008 yil, № 12, 637-modda; 2011 yil, № 4, 100-modda, № 12/1, 343-modda; 2014 yil, № 4, 85-modda; 2017 yil, № 4, 134-modda, № 5, 201-modda, № 8, 383-modda; 2018 yil, № 10, 674-modda; 2019 yil, № 2, 47-modda, № 3, 162-modda, № 9, 588-modda; 2021 yil, № 2, 139, 140-moddalar) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
- Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«Muqaddima
Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi,
inson huquqlariga va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga o‘z sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib,
xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalari ustuvorligini e’tirof etib,
har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda,
ochiq, adolatli va barkamol fuqarolik jamiyatiga intilib,
o‘zbek davlatchiligining uch ming yillikdan ziyod tarixiy taraqqiyot tajribasiga, shuningdek jahon va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning madaniy merosiga tayanib,
demokratiya g‘oyalariga, ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik kabi qadriyatlarga o‘z sodiqligimizni tasdiqlab,
mamlakatimizning barqaror rivojlanishini, yoshlarning munosib hayot kechirishini, shu maqsadda ta’lim, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotini ta’minlashga intilib,
bizgacha yetib kelgan tabiiy, madaniy, moddiy va ma’naviy qimmatliklarni hamda boyliklarni ko‘paytirishga va muhofaza qilishga, atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil bel bog‘lab,
O‘zbekistonning jahon hamjamiyati va eng avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik va hurmat qilish, tinchlik va totuvlik asosidagi uyg‘un, do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga hamda rivojlantirishga intilib,
fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni hamda bag‘rikenglikni ta’minlash maqsadida,
O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qilamiz va e’lon qilamiz»;
- 1-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«1-modda. O‘zbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat. Davlatning «O‘zbekiston Respublikasi» va «O‘zbekiston» degan nomlari bir ma’noni anglatadi»;
- 13 va 14-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«13-modda. O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga muvofiq inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Insonning sha’ni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyatidir.
Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning ma’nosini, mazmunini va qo‘llanilishini, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini belgilaydi.
Insonga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi davlat organi tomonidan ko‘zlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.
Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
14-modda. Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini hamda jamiyatning barqaror rivojlanishini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi»;
- 15-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi»;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
- 16-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin: «Ushbu Konstitutsiyaning birorta qoidasi inson va fuqaroning
huquq hamda erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining huquq va manfaatlariga, ushbu Konstitutsiyaning birinchi bo‘limida nazarda tutilgan asosiy prinsiplarga va qoidalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas»;
- 17-moddaning:
birinchi qismi quyidagi mazmundagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirilsin:
«O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’yektidir. Uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
O‘zbekiston barcha davlatlar bilan do‘stona va tinchliksevarlik tashqi siyosatini olib boradi»;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
- 18-modda:
quyidagi mazmundagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:
«O‘zbekiston Respublikasida inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalariga binoan hamda mazkur Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi.
Insonning qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklari daxlsiz, ajralmasdir va ular har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi»;
birinchi va ikkinchi qismlari tegishincha uchinchi va to‘rtinchi qismlar deb hisoblansin;
- 20-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«20-modda. Fuqaro o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart.
Insonning huquq va erkinliklari faqat qonun bilan va boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, shuningdek jamoat xavfsizligini va tartibini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin»;
- 22-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«22-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emas.
Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi»;
- 24, 25 va 26-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«24-modda. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi bo‘lib, qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir.
O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi.
25-modda. Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi yoki qamoqda
saqlanishi mumkin emas.
Ushlab turishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sud qaror qabul qilmagunicha qirq sakkiz soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emas. Agar ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak.
Shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerak.
Hech kim shartnomaviy majburiyatlarni bajara olmaganligiga asoslanib jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy, ilmiy va boshqa tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
Har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirish, qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega. Qonunda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emas.
26-modda. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlanadi.
Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Hech bir shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.
Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabatda bo‘linishi va ularning shaxsiy qadr-qimmati hurmat qilinishi kerak.
Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi kerak»;
- quyidagi mazmundagi 261 va 262-moddalar bilan to‘ldirilsin:
«261-modda. Har bir shaxs advokat yordamidan o‘z tanloviga ko‘ra hamda jinoyat protsessining har qanday bosqichida foydalanish, shaxs ushlab turilganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran foydalanish huquqiga ega.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, o‘ziga qarshi ko‘rsatma bergan guvohlar bilan yuzlashtirilish, o‘z foydasiga ko‘rsatma berayotgan guvohlarning chaqirtirilishi huquqiga ega.
Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Huquqbuzarliklardan va hokimiyatni suiiste’mol qilishdan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga odil sudlovdan foydalana olishini va yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinishini ta’minlaydi.
Har bir shaxs davlat organlarining yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.
262-modda. Hech kim ayni bir huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Hech bir shaxs sodir etilgan paytda huquqbuzarlik deb topilmagan qilmish uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Qilmish uchun jazoni istisno etadigan yoki yengillashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega.
Javobgarlikni belgilaydigan yoki og‘irlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
Hech bir inson rasmiy ravishda e’lon qilinmagan qonunga asosan hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas»;
- 27 – 30-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«27-modda. Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega.
Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish huquqiga ega. Har bir shaxs yozishmalarni, telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali so‘zlashuvlarni, pochta-telegraf jo‘natmalarini hamda boshqa xabarlarni amalga oshirish erkinligi va ularning sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz
uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hech kim shaxsning uy-joyiga yoki boshqa mol-mulkiga qonunda nazarda tutilganidan boshqacha holda va tartibda kirishga, tintuv o‘tkazishni yoki ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga haqli emas.
28-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs respublika hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno.
Har kim respublikadan tashqariga chiqish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqiga ega.
29-modda. Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Har kim Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga ega.
Mazkur huquqlarni cheklashga faqat mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, jamoat xavfsizligini hamda tartibini himoya qilish, shuningdek davlat siri yoki boshqa sir deb e’tirof etilgan axborot oshkor etilishining oldini olish bilan bog‘liq hollarda, qonun bilan yo‘l qo‘yiladi.
30-modda. Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga o‘z huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonunchilik hujjatlari, shuningdek hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart.
Har kim davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, jamoat birlashmalarida, tashkilotlarda o‘zi haqida to‘plangan ma’lumotlar bilan tanishish va noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, shuningdek noqonuniy yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmagan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab etish huquqiga ega»;
- 32-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«32-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni o‘z manfaatlaridan, rivojlanishning o‘ziga xos tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek milliy va ma’naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar hamda an’analardan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda va qonun doirasida hal etish huquqi hamda uni amalga oshira olish qobiliyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi deb e’tirof etiladi»;
- 35-moddaning birinchi qismidagi «muassasalariga yoki» degan so‘zlar «muassasalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yoki» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
- IX bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«IX bob. Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar»;
- 36-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin: «Har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan
intellektual mulkka bo‘lgan huquqqa ega»;
- 37 – 40-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«37-modda. Har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
Har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan ta’tilga hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun ta’tilga yoki bolani farzandlikka olish uchun ta’tilga chiqish huquqiga ega.
Jazoni sudning hukmiga ko‘ra o‘tash tartibidan boshqacha tartibdagi majburiy mehnat yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardagi majburiy mehnat taqiqlanadi.
Majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanadi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.
38-modda. Har bir shaxs dam olish huquqiga ega.
Yollanib ishlayotgan fuqarolar dam olish huquqiga, dam olish va bayram kunlari, haq to‘lanadigan har yilgi ta’tilga chiqish huquqiga ega.
39-modda. Har bir shaxs qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, ishsizlikda, nogironlikda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.
Davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratadi, davlat pensiyalarini, nafaqalarini va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilaydi.
Pensiyalarning, nafaqalarning, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas.
Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlaydi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur teng sharoitlarni yaratadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, hisobga olmaslik, chetlatish, cheklash yoki ortiqcha yon bosish, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning ob’yektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bo‘yin tovlash taqiqlanadi.
40-modda. Har kim sog‘lig‘ining muhofaza qilinishi va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham o‘z ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli.
Davlat sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, tibbiy sug‘urtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi»;
- quyidagi mazmundagi 401-modda bilan to‘ldirilsin:
«401-modda. Har kim sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqiga ega»;
- 41-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«41-modda. Har kim ta’lim olish huquqiga ega.
Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi.
Bepul umumiy o‘rta ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.
Maktab ishlari, maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat nazoratida bo‘ladi.
Ta’lim bo‘yicha alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiya tashkil etiladi.
Davlat iste’dodli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishini kafolatlaydi.
Davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish uchun davlat teng shart-sharoitlar yaratadi.
Pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda mas’uliyatli vazifasidir.
Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi»;
- quyidagi mazmundagi 411-modda bilan to‘ldirilsin:
«411-modda. Har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli.
Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega.
Davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashadi»;
- 42-moddaning birinchi qismidagi «ilmiy va texnikaviy» degan so‘zlar «ilmiy, texnikaviy va badiiy» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
- IX bob quyidagi mazmundagi 421-modda bilan to‘ldirilsin:
«421-modda. Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bolalar hamda yoshlarni ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi»;
- 43 va 44-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«43-modda. Inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir.
Davlat inson va fuqaroning Konstitutsiyada hamda qonunlarda mustahkamlangan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlaydi.
Har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.
44-modda. Har kimga o‘z huquqlari va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Har bir shaxs o‘zining buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun o‘z ishi vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan oqilona muddatlarda, tenglik, tortishuv va adolat prinsiplari asosida ko‘rib chiqilishi huquqiga ega.
Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishi uchun inson huquqlari bo‘yicha milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilishga haqli»;
- 45-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
«Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirishga, ularga jamiyat va davlat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ishtirok etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralar ko‘radi»;
- 49-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan almashtirilsin:
«Tarixiy, ma’naviy, madaniy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Davlat va jamiyat milliy qadriyatlarni himoya qilish, O‘zbekiston xalqi ma’naviy va madaniy merosining uzluksizligini ta’minlash to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi»;
- 52-modda:
quyidagi mazmundagi birinchi qism bilan to‘ldirilsin:
«Vatanga bo‘lgan sadoqat muqaddasdir»;
birinchi qismi ikkinchi qism deb hisoblansin;
- uchinchi bo‘limning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«UChINChI BO‘LIM. FUQAROLIK JAMIYaTI VA ShAXS»;
- XII bob quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«XII bob. Jamiyatning iqtisodiy negizlari
53-modda. Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, halol erkin raqobatni, barcha mulk shakllari huquqiy jihatdan teng ravishda muhofaza qilinishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk daxlsiz va davlat tomonidan himoya qilinadi.
Davlat iqtisodiyot tarmoqlarining va hududlarning uyg‘un holda rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shuningdek iqtisodiy resurslarning adolatli ravishda taqsimlanishini ta’minlaydi.
Davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini va investitsiyaviy muhitni, shart-sharoitlarni ta’minlaydi.
Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasida tovarlarning, xizmatlarning, ishchi
kuchining va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablag‘larning harakatlanishini cheklashga qaratilgan chora-tadbirlar, agar ular xavfsizlikni, odamlarning hayoti va sog‘lig‘i himoya qilinishini, tabiat va madaniy meros ob’yektlari muhofaza qilinishini ta’minlash uchun zarur bo‘lsa, qonunchilikka muvofiq joriy etilishi mumkin.
Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi.
531-modda. Hech bir shaxs o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning o‘rnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan amalga oshirilishi mumkin.
54-modda. Mulkdor mol-mulkiga o‘z xohishiga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning,
davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak.
55-modda. Yer, yer osti boyliklari, suv, atmosfera havosi, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat mulkida bo‘ladi. Yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi davlatga tegishli bo‘lib, tadbirkorlik sub’yektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi.
Tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi»;
- 56-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«56-modda. Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va shaxslarning boshqa jamoat birlashmalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi, uning mazmunini belgilaydi. Ular fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishga, ijtimoiy hamda madaniy maqsadlarga erishish uchun ko‘maklashishga,
jamiyatning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgandir»;
- 61-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:
«O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligi kafolatlanadi.
Davlat konfessiyalarning tinch-totuv yashashiga kafil bo‘ladi»;
- 63 va 64-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«63-modda. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy bo‘g‘ini, aholini saqlab qolish hamda ko‘paytirish negizi sifatida jamiyat va davlatning alohida muhofazasi ostida bo‘ladi.
Nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.
Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratadi.
Davlat ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlaydi.
64-modda. Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z bolalarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’limi, sog‘lom, to‘laqonli va uyg‘un kamol topishi to‘g‘risida qayg‘urishi shart.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning sog‘lom, barkamol rivojlanishini va ta’lim olishini ta’minlaydi, ushbu yo‘nalishdagi xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi»;
- 65-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan almashtirilsin:
«Bolaning manfaatlari, bolalarning to‘laqonli, jismoniy, aqliy va madaniy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy
qadriyatlarga sodiqlikni, buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi»;
- 70 va 71-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«70-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunchiligida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklar kafolatlanadi.
71-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z Konstitutsiyasiga ega. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlari
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga zid bo‘lishi mumkin emas»;
- 72-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
«Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunchiligi O‘zbekiston Respublikasining yagona huquqiy tizimiga kiradi va u O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining tarkibiy qismidir»;
- 74 va 75-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«74-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z hududida qonun
chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq amalga oshiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy mansabdor shaxsidir.
75-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlanishi uchun zarur moliyaviy, moddiy, tashkiliy-texnik va boshqa shart-sharoitlarni yaratadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati oliy organlarida o‘z vakillariga ega bo‘ladi»;
- 77-modda quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirilsin:
«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati ayni bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, mahalliy hokimiyat vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas»;
- 78-modda birinchi qismining:
4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«4) O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatiga oid masalalarni ko‘rib chiqish, davlat strategik dasturlarini qabul qilish»;
15, 16 va 17-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«15) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzasini ko‘rib chiqish;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini (ombudsmanni), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakilini saylash;
- O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish»;
- 80-modda:
quyidagi mazmundagi 5-band bilan to‘ldirilsin:
«5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisini tayinlash
va lavozimidan ozod etish»;
6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston
Respublikasi Bosh prokurorini va O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash»;
8-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«8) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish, shuningdek ularning faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish»;
- 83-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«83-modda. Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ega. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va Bosh prokurori ham o‘z vakolatlariga oid masalalar yuzasidan qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
Qonunchilik tashabbusi huquqi qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi sub’yektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish vositasida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilikka oid takliflarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritishga haqli.
Qonun loyihalarini, qonunchilikka oid takliflarni kiritish va ko‘rib chiqish tartibi qonun bilan belgilanadi»;
- 84-moddaning:
ikkinchi qismidagi «o‘n» degan so‘z «yigirma» degan so‘z bilan almashtirilsin;
uchinchi qismidagi «o‘n kun ichida» degan so‘zlar «yigirma kundan kechiktirmay» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
to‘rtinchi qismidagi «o‘ttiz kun ichida» degan so‘zlar «ikki oydan kechiktirmay» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
- 90-moddaning ikkinchi qismidagi «besh» degan so‘z «yetti» degan so‘z bilan almashtirilsin;
- 93-modda birinchi qismining:
6 va 7-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«6) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
- ichki va tashqi siyosatning eng muhim strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi hamda ularning ijro etilishiga oid masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaatnomalar yo‘llaydi»;
12 va 13-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«12) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorini hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini
tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi; 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiga nomzodlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni taqdim
etadi»;
25-bandi quyidagi mazmundagi 25, 26 va 27-bandlar bilan
almashtirilsin:
«25) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashini shakllantiradi va boshqaradi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organlarini va boshqa organlarni shakllantiradi;
- ushbu Konstitutsiyada va O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi»;
- 98-modda ikkinchi qismining:
1, 2 va 3-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, moliyaviy, pul-kredit siyosati olib borilishi, ilm-fan, madaniyat, ta’limni, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘ladi;
- fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- davlat boshqaruvi organlarining ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi»;
6-bandi quyidagi mazmundagi 6 – 9-bandlar bilan almashtirilsin: «6) davlatning yoshlarga oid siyosati amalga oshirilishini
ta’minlaydi, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish choralarini ko‘radi;
- ijtimoiy himoya qilish, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi;
- fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshiradi,
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va bajarishda ularning ishtirok etishini ta’minlaydi, ijtimoiy sheriklikka oid dasturlarning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
9) ushbu Konstitutsiyada va O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi»;
- 99, 100 va 101-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«99-modda. Viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlaridir.
Tegishli hududdagi ijroiya hokimiyatiga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi.
Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi.
Xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining saylovi tartibi qonunda belgilanadi.
Xalq deputatlari Kengashlarining va hokimlarning faoliyatini tashkil etish qonun bilan tartibga solinadi.
Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati – besh yil. Yangidan tashkil etilgan ma’muriy hududiy birliklarda xalq deputatlari Kengashlariga saylov xalq deputatlari Kengashlariga navbatdagi umumiy saylovlarga qadar bo‘lgan davrdan oshmaydigan muddatga o‘tkaziladi.
100-modda. Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasini va uni qurish qoidalarini hokimning taqdimiga binoan tasdiqlash;
tegishli mahalliy byudjetlarni hokimlarning taqdimiga binoan ko‘rib chiqish va qabul qilish, ushbu byudjetlarning ijro etilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlash;
mahalliy soliqlar stavkalarini va boshqa majburiy to‘lovlarni qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida belgilash;
byudjetdan tashqari jamg‘armalarni shakllantirish;
hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, ularning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish;
qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda xalq deputatlarining vakolatlarini tan olish hamda muddatidan oldin tugatish, ularni javobgarlikka tortish uchun rozilik berish;
qonunda nazarda tutilgan hollarda hokimning qarorlarini tasdiqlash;
tegishli prokurorlarning, ichki ishlar organlari rahbarlarining, adliya organlarining va davlat boshqaruvi organlari boshqa bo‘linmalarining hisobotlarini eshitish;
hokimning va quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bo‘lmagan qarorlarini bekor qilish;
qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
101-modda. Viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
qonunlarni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining farmonlarini, qarorlarini va farmoyishlarini, yuqori turuvchi organlarning hamda tegishli xalq deputatlari Kengashining qarorlarini bajarish;
sog‘liqni saqlash, ta’lim, jamoat transporti tizimlarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan choralarni amalga oshirish;
fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlashga doir choralarni amalga oshirish;
munitsipal mulkni va mahalliy kommunal xo‘jalikni boshqarish;
atrof-muhitning muhofaza qilinishini ta’minlash;
fuqarolarning bo‘sh vaqtini tashkil etish va madaniyat sohasidagi
xizmatlardan foydalanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish;
xalq deputatlari Kengashlariga viloyatni, tumanni, shaharni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, viloyat va Toshkent shahar mahalliy byudjetining, tuman va shahar byudjetining tegishli loyihalarini, shuningdek ularning ijro etilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etish;
qonunda belgilangan hollarda, quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini bekor qilish va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish;
respublikada va xorijda viloyat, tuman hamda shaharning rasmiy vakili sifatida ish yuritish;
qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish»;
- 102-moddaning:
birinchi qismi chiqarib tashlansin;
ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlari tegishincha birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlar deb hisoblansin;
- 103-moddaning uchinchi qismi chiqarib tashlansin;
- 105-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«105-modda. Raisni va o‘z boshqaruv organlarini saylaydigan
mahallalar shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridir. Mahallalar davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi
va o‘z vakolatlari doirasida mustaqildir.
Davlat mahallalar faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunchilikda berilgan vakolatlarni amalga oshirishda ko‘maklashadi.
Mahallalar faoliyatining huquqiy asoslari, shuningdek mahalla raisining va boshqaruv organlarining saylovi tartibi, vakolatlari hajmi qonun bilan belgilanadi»;
- 109-modda birinchi qismining:
6-bandidagi «konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
7-bandi quyidagi mazmundagi 7 va 8-bandlar bilan almashtirilsin: «7) fuqarolarning va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga
muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqadi;
- O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi»;
- 111-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
«O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining sud korpusi shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlovchi mustaqil organidir»;
- 112-modda:
birinchi qismidagi «odil sudlovni amalga oshirish borasidagi» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
«Sudyalarni almashtirib bo‘lmaydi. Ularning vakolatlari faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra tugatilishi yoki to‘xtatilishi mumkin»;
ikkinchi – beshinchi qismlari tegishincha uchinchi – oltinchi qismlar deb hisoblansin;
oltinchi qismi chiqarib tashlansin;
- 116-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«116-modda. Har kimga malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquq kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam bepul ko‘rsatiladi.
Tergovning va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordamga bo‘lgan huquq kafolatlanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish uchun mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslangan advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
Advokat shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi»;
- 117-moddaning yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin: «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar
Kengashlariga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi»;
- 122-modda quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:
«O‘zbekiston Respublikasida Davlat byudjetini va davlat qarzini shakllantirish hamda ijro etish tartibi ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonunda belgilanadi»;
- 127-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
«Ushbu Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu moddasi ikkinchi qismining qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas».
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.