“O‘zbekiston temir yo‘llari” chiptalariga chegirmalar e’lon qildi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” 2021 yil 31 dekabrdan - 2022 yil 4 yanvargacha, 2022 yil 21-23 mart hamda 1-2 sentyabr kunlaridagi chegirmalarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, chegirmalar quyidagicha belgilangan:
- Nafaqaxo‘rlar, nogironlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan fuqarolarga chiptaning tarif qismidan 50 foizi;
- Oliy o‘quv yurtlari talabalari, maktab, kollej va litsey o‘quvchilari, IIV, MV, DXX, DS, DB maxsus ta’lim muassasalari talabalariga chiptaning tarif qismidan 15 foizi;
- Oilaviy poyezdga chiqsa (ikki yoki undan ortiq kishi – eri va rafiqasi, eri yoki rafiqasi va 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari, otasi yoki 18 yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan ona) (nikoh guvohnomasi va qarindoshlikni belgilovchi hujjatlar nusxasi taqdim etilgan holda) chiptaning tarif qismidan 15 foizi;
- Bir jamoadan guruh bo‘lib poyezdga chiqsa (4 kishidan ortiq - yo‘riqnoma asosida) chiptaning tarif qismidan 15 foizi;
- “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlarida barcha toifadagi yo‘lovchilarga chiptaning tarif qismidan 10 foizi.
Qayd etilishicha, imtiyozli bo‘lgan chiptalarni faqat temiryo‘l kassalarida xarid qilish mumkin. Elektron chiptalarda belgilangan chegirmalar rasmiylashtirilmaydi.