O‘zbekiston-Tojikiston: Qardosh yurt tuprog‘iga safar
Safarimiz metallurglar shahri, ko‘rkam Bekobod shahridan boshlandi. Bir kitobsevar do‘stimiz farzandini uylayotgan edi. To‘y Bekoboddayoq o‘zbegu tojik qardoshligi va do‘stligining bayramiga aylanib ketdi. Xo‘janddan to‘yga taklif etilgan san’atkorlar - Abdurauf Olimov, Rustamjon Olimov va Baxtiyor Elmurodov o‘zlarining dilbar kuy-qo‘shiqlari bilan qalblarimizni rom etdi.
Ikki davlat chegarasidan o‘tishimiz bilan "Tabassum" oromgohida bizni xonanda Qodirjon Mirashurov va ota-bobolari oltiariqlik tadbirkor Xayrulla Qayumov kutib oldi.
X.Qayumov O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati bilan hamkorlikda Qo‘yliqda tikuvchilik fabrikasi ochgan, ota yurti - O‘zbekistonni imkoniyatlar mamlakati deb biladi. Fabrikada 100 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning 80 nafari ko‘zi ojiz opa-singillarimiz.
– Ikki qardosh davlatlar prezidentlari olib borayotgan sulhu amniyat, do‘stligu birodarlik siyosati tufayli shunday fabrikani barpo etib, ishga tushirish imkoniyatiga ega bo‘ldik, – deydi tadbirkor. - Fabrikamiz sexlarida ayollar uchun turli modellarda zamonaviy jemperlar ishlab chiqaryapmiz. Yaqin kunlarda O‘zbekistondagi barcha ma’danli suvlarni bir joyda qadoqlab, alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi zavodni ishga tushiramiz.
Mehmonxonaga joylashgach, tungi, tarixiy va afsonaviy Xo‘jandni sayr qildik. Mustaqillik yillarida Xo‘jand qal’asining katta qismi tiklanib, muhtasham tarix muzeyi tashkil etilganini ko‘rib ko‘nglimiz yayradi.
Markaziy maydondagi Abulqosim Lohutiy nomidagi teatr binosi qarshisida tiklangan ark-darvoza tarixning jonli guvohi bo‘lgan necha ming yillik shahar kalitini qo‘lingizga tutadi go‘yo. Xo‘jand qal’asining shundoqqina o‘ngirida ustod Kama Xo‘jandiyning uy-muzeyi tashkil etilgan bo‘lib, sizni olti yuz yillik hayot tarzimizga eltadi. Uy-muzeyining kun botish tarafida ulug‘ shoir nomidagi parkallya oynavand maqbaraga olib boradi. Bu betakror me’moriy ansamblda Tabrizdan, Kama Xo‘jandiy qabridan keltirilgan tuproq qo‘yilgan. Maqbarada ulug‘ ajdodimizning pokiza ruhiga duoi fotiha qilib, avlodlik vazifamizni bajardik.
Bog‘-park Sirdaryoga (tarixda Xo‘jand daryosi deyilgan) parallel qurilgani bois salqin va orombaxsh. Daryo sohilida kema shaklida qurilgan istirohat maskanidan ko‘zingiz quvonadi. Xo‘jand arki etagidan toqqa olib chiquvchi osma yo‘l sayyohlarning eng sevimli maskani.
Xo‘jand va O‘ratepada Boburning bolaligi va saltanat uchun kechgan ayanchli kurashlari izi qolgan. Bobur Mirzo sarson-sargardon kezar ekan, bu o‘lkalar uning tog‘asi Sulton Mahmudxonga qaragan.
Muhammad Xusayn Mirzoning zavjasi Xo‘b Nigorxonim Boburshohning volidasi Qutlug‘ Nigorxonimning singlisi bo‘lib, ulug‘ shoh va shoirning shogirdi, "Tarixi Rashidiy" asari muallifi Muhammad Haydar Mirzoning onasi edi.
Bekoboddan Xo‘jandga o‘tish manzilidagi Qo‘shtegirmon qishlog‘i "Boburnoma"da ikki marta tilga olinadi. Xo‘jand va O‘ratepaning tevarak-atrofidagi aksar manzillar ushbu tarixiy kitob orqali bizga qadrdon...
“Xo‘jand – Dushanbe” avtomobil yo‘liga tushdik. Yuksak qoya va cho‘qqilar bag‘rini yorib qurilgan 300 kilometrlik bu yo‘lni eronlik hamda xitoylik yo‘lsozlar barpo etgan. Bir necha kilometrlik tunnellardan o‘tar ekansiz, ularning mardonavor mehnatlariga tahsin o‘qiysiz.
Xitoylik mutaxassislar shu yo‘l qurilishi mobaynida Dushanbedan Xo‘jandga katta quvvatli elektr tarmog‘ini ham cho‘qqilar uzra tiklashganidan hayratga tushdik.
– Hayotimda xitoyliklar kabi mehnatkash xalqni ko‘rmadim, – deydi haydovchimiz. – Ular tik turib tushlik qiladi. Biznikilar yarim soat yemak yeb, yarim soat sigaret chekib, yarim soat hangomalashgandan keyin ishga kirishadi. Ularning kecha-yu kunduz, yigirma to‘rt soat tinmay ishlaganiga guvohman. Mehnatkashlik bobida ulardan saboq olishimiz kerak.
Baland qorli tog‘lar, barqut archazor daralar, sharqiroq soylar, chek-chegarasiz yaylov, o‘tloqlar - bu bebaho tabiat boyliklari qardosh, jondosh, Tojikistonda yashovchi barcha el-elatlarning milliy boyligi.
Mashinamiz tarixiy Shahriston qasabalaridan o‘tar ekan, ustoz ijodkor Pirimqul Qodirovni xotirlab u zot tug‘ilgan tuproqqa ta’zim bajo keltirdik. Ayniy tumani hududida bir kosadan qaynatma ichib, dam olgan joyimizda sevimli san’atkor Jo‘rabek Murodov tavallud topgan.
– Mana shu tog‘dan oshib, tog‘lar osha yigirma kilometr chamasi yursangiz, men uchun qadrdon Oyqor toqqa yetasiz, – izoh beraman yo‘ldoshim, yozuvchi Nabijon Hoshimovga.
To‘rt tarafi qorli tog‘lar, xushhavo bog‘lar, zilol suvli daryolar, shaffof ko‘llar bilan qurshalgan go‘zal Dushanbe shahri bizni osmono‘par binolari, haqiqiy san’at asariga aylangan muhtasham binolari bilan qarshiladi.
– Mana bu jome masjidi Qatar davlati bilan hamkorlikda qurilayotgan O‘rta Osiyodagi eng katta masjid, – deb so‘l tarafda oltmish metrlik to‘rt minorasi ko‘kka bo‘y cho‘zgan ibodat maskanini ko‘rsatadi haydovchi. – O‘ng tarafdagi tepalikda esa xalqimizning ulug‘lari makon topgan.
Ertalabki ilk tashrifimiz Tojikiston Yozuvchilari ittifoqiga bo‘ladi. Ayni paytda bu ittifoqni qirq yillik qardoshim, Tojikiston xalq shoiri, Rudakiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Nizom Qosimbek boshqaradi.
Uzoq yillik sog‘inchdan so‘ng Nozimjon bilan quchoqlashib ko‘rishdik. U xonasiga Tojikiston Yozuvchilari ittifoqi adabiyot jamg‘armasi raisi Asqar Abdullohni chorlabdi.
– Men eng baxtli insonman. Boisi, ikki xalqning farzandiman. Onam – o‘zbek, otam – tojik. O‘zbekiston va Tojikistonda yuz minglab men kabi insonlar bor. Bu qardoshlik xesh-aqrabolik va mehr-muhabbatni asrab-avaylamoqning yo‘li bir-birimizni sevmoq va boshimizga ko‘tarmoq, – deydi Asqar Abdulloh.
– Barcha o‘zbek birodarlarimizni taniqli yozuvchimiz Yoqubjon Abdumannon bilan har ko‘rishganda esga olamiz, – deydi Nizomjon. – Hozir telefonda u kishi bilan bog‘layman.
Yoqubjon Abdumannon – Tojikistondagi o‘zbek adiblarining yetuk vakillaridan biri. Tojikiston hukumatining o‘zbek tilida nashr etiladigan "Xalq ovozi" gazetasining bosh muharriri, Tojikiston o‘zbeklar jamiyatining faollaridan.
Yoqubjon Abdumannonning "Sukunat hayqirig‘i" va Iskandar Mahmadaliyevning "Chekmatosh" hikoyalar to‘plamini mutolaa qilar ekanman, bizda, o‘rtamiyona kitobxon moslashib qolgan va uning kitobxonlik saviyasini tushiradigan maishiy nasrdan uzoq turayotganliklarini falsafiy bitiklar o‘ngga chiqayotganidan quvondim.
Ularda bizga o‘xshab biror bir kishi yoki guruhning simpatiya va antipatiyasi, xohishu istagi bilan shoir yoki yozarlardan soxta targ‘ibot ila notabiiy qahramonlar yasamoq odati yo‘qligi g‘oyat tabiiy va adolatli holat.
Keyingi o‘n yilliklarda qardosh Tojikistonda Jamshid Hasan Erboyev, Eshmuhammad Donoxonov, Abdulla Said, Zuhriddin Umarov, Gulchehra Murodaliyeva, Zulayho bonu va Ravshan Shams kabi bir qator tojik tili, qalami o‘tkir ijodkorlar yetishib chiqqanini qayd etmoq kerak.
Yozuvchilar ittifoqidan chiqib, "Xalq ovozi" tahririyati tomon yo‘l olamiz. Yuksak binoning yettinchi qavatida joylashgan redaksiya qarorgohida butun jamoa bizni shodu xurramlik bilan qarshi oldi.
"Xalq ovozi" tahririyatida bo‘lib, bir zamonlar mehnat qilganim - Baxmalning "G‘alaba bayrog‘i" va "Jizzax haqiqati" gazetalarida tuyganim beg‘ubor ijodiy muhitni ko‘rdim. Dushanbeda qolib, shu jamoada ishlagim keldi.
– Asli Qo‘rg‘ontepadanman, – deydi Nizom Qosim. – Padari buzrukvorimizning ismlari Jahongir bo‘lgan. Qo‘shnimiz, o‘zbek do‘stlarining otlari To‘ychiboy bo‘lgan. Ular o‘g‘il farzand ko‘rsalar, bir-birlarining ismlarini qo‘yishga ahd qilishgan. Akam tug‘ilganda uning otini To‘ychiboy qo‘ygan. To‘ychiboy aka esa to‘ng‘ich farzandiga otamning otlarini qo‘ygan. Do‘stligu qardoshlik, birodarligu mehr-muhabbatning bundan go‘zal ramzi bo‘lishi mumkinmi?
"Xalq ovozi" tahririyatida ustoz publitsist Abdulla Saidov va asli urgutlik san’atkor, marhum shoir O‘lmas Jamolning jiyani Mashrabxon Qalandarov va qator qardoshlarimiz bilan tanishdik, suhbatlashdik.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘rta Osiyodagi tojik va o‘zbek turkchasida ijod qilgan shoirlar orasida O‘lmas Jamol kabi "Chor devon" tuzib, she’rlari bu qadar ko‘p kuylangan ijodkor yo‘q.
Shu o‘rinda, Gulruxsorning "Zanoni sabzbahor", Akbar Abdullohning "So‘nggi yaproq" va "Tiramohm sabz" kitoblarini qardosh tojik adabiyotining bugungi kundagi muvaffaqiyati deya baholash mumkin.
Tojik xalqining ulug‘ va sharafli farzandlari qo‘nim topgan muqaddas manzil tomon yo‘l olar ekanmiz, qalbimizni mungli his-tuyg‘ular qopladi. Bu tabarruk tuproqda bir necha yil burun suhbatlashib, mehr-muhabbatlashib yurgan Fotih Niyoziy, Jalol Ikromiy, Mo‘min Qanoat, Loyiq Sherali, Bozor Sobir, Fazliddin Muhammadiyev va Kalol Ayniy kabi do‘stlarimiz qo‘nim topgan.
Ziyoratimizni ustoz Mirzo Tursunzoda va Bobojon G‘afurovlar xoki yotgan tepalikdan boshladik. Tojikistonning marhum bosh rahbari Jabbor Rasulov, ustoz Mirsaid Mirshakar, akademik Muhammad Osimiy, Malika Sobirova...
Sadriddin Ayniy nomidagi parkda bo‘lib, ustozni ham ziyorat qildik. Yaqinda ustoz Rudakiy tavalludi munosabati bilan Panjakentga, so‘ngra Samarqand va Buxoroga kelgan do‘stimiz Gulruxsor bilan ko‘risha olmagan edik. Uning Yozuvchilar ittifoqi binosidagi suhbatimiz maroqli kechdi. Dushanbe va Toshkentda ijodiy kechalar o‘tkazish rejasini tuzdik. Gulruxsor bu haqda Sherali Jo‘rayev bilan ahdlashganini gapirib berdi.
Har safar Samarqandda uchrashsak buyuklarimiz Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykallarini ziyorat qilib, o‘z ehtiromimizni bildirib kelardik. Endilikda bunday maskan va haykal Dushanbeda, Prezident Emomali Rahmon farmoni bilan ta’sis etilgan Nizomiddin Alisher Navoiy nomidagi muhtasham bog‘-parkda qad ko‘taribdi.
“Tojikiston millati, dini va irqidan qat’iy nazar unda yashovchi barcha elu elatlarning qutlug‘i, teng huquqli vatanidir. Kimki, bu xususda millatchilikka borib, to‘g‘ri yo‘ldan og‘sa, qarshisida meni ko‘radi”, deya bot-bot ta’kidlaydi Emomali Rahmon.
...Qardoshimiz Hasanboy Qayumov bilan Hindistonda 350 yil hukm surgan, Boburiylar saltanatiga asos solgan Zahiriddin Muhammad Bobur hayotining shonli kunlariga guvoh bo‘lgan Hisor kenti va qadimiy Hisor qal’asi tomon bordik.
Qal’a arki va Hisor qarorgohi Boburshoh zamonasining nuragan paxsa devorlari ustiga qurilgan. Tarixiy obidada Tojikiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan ta’mir va qurilish ishlari olib borilmoqda.
Bu tarixiy makon bir necha ming yillar burun ham tabiiy qulayligi, zilol suvlari, atrofini o‘ragan baland tog‘lari bilan nom qozongan. Qo‘rg‘on hududidagi amfiteatr yunonlar fathi va Makedonskiy davriga guvoh bo‘lsa, arxeologlar hamon bu yerda budda va otashparastlik ibodatxonalariga duch kelmoqda.
Shaharchadagi tarix muzeyi ham diqqatga sazovor. Muzeyning qadimiy madrasada joylashganligi uning ta’sirchanligini yanada oshirgan. Sayyohlar zavq bilan ot va tuyalarda kezishadi. Hayratlanarlisi, Hisor qo‘rg‘oni atrofida minglab bo‘loq bo‘lib, deyarli har bir uydan chashma oqib chiqadi.
Hisor qal’asining sog‘inchli taassurotlari bilan Tursunzoda shahri tomon yurib, ikki mamlakat prezidentlari tashrif buyurgan, davlatimiz rahbari "Kaptiva" rusumli avtomashina hadya qilgan "Bog‘i somon" dehqon xo‘jaligida bo‘ldik. Qismatni qarangki, o‘sha tarixiy damlarning bosh qahramoni, asli oltiariqlik bog‘bon Zokir ota haqning rahmatiga qovushgan ekan. U kishini duoi fotiha bilan yod etdik.
Usta dehqonning avlodlari ota ishini davom ettirib, 500 gektar maydonda eng sara navli uzum yetishtirmoqda.
Dushanbedagi Millat saroyi, muhtasham ma’muriy binolar va bog‘-parklarni sayr qilib, xarid uchun "Mehrgon" saroy bozoriga kirdik. Bozor uch qavatli bo‘lib, saroy shaklida qurilgan, o‘rtasi ochiq. Bu yerda inson jonidan boshqa har neki, muhayyo...
Poytaxt, Xo‘jand, Tursunzoda, Hisor va Xatlon - ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan.
Elimizda g‘oyat ma’noli otaso‘z bor - “Er qadrini el bilar. Qon-qardosh bu ikki xalqning bugungi munosabatlari, o‘zaro ulug‘ va sharafli ishlarga bosh bo‘layotgani mohiyatini anglamoq, uning mahobatini his etmoq uchun haqiqiy el, elat, ulus, xalq bo‘la bilmoq kerak.
Zotan, ustoz Almaiy aytganidek:
Yaxshilik tuxmi saodatlar berur.
Gar tikon eksang, oyog‘ingga kirur.
...Tojikiston Yozuvchilari ittifoqi, "Xalq ovozi" gazetasi tahririyati, millatidan qat’i nazar uchrashuvlarimizdagi suhbatu muloqotlarda O‘lmas Jamolning "Ikki tilli bir xalq", Nizom Qosimning "Umrboqiy do‘stlik madhi", Asliddin Ziyovuddinning "Do‘stlik izhori" she’rlari, ularda ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalar bilan yakun topdi.
Abduhamid Ishoqov,
mehnat faxriysi, jurnalist.