O‘zbekiston va Pokiston yosh tadbirkorlari hamkorligi mustahkamlanyapti

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Tadbirkorlik haftaligi” doirasida “O‘zbekiston–Pokiston yosh tadbirkorlar forumi” tashkil etildi.

Unda ikki davlatning yoshlari, tadbirkorlari va rasmiylari o‘rtasida barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot, tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama etildi.

Yoshlar o‘zaro tajriba almashib, kelgusida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Forumda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining Yoshlar dasturi vakili, Pokiston Milliy Assambleyasi a’zosi Amnah Saida Batul hamda pokistonlik ilg‘or va faol yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.

- Dunyoning mashhur tadbirkorlari o‘z bizneslarini 25 yoshgacha bo‘lgan davrida boshlagan ekan, - deydi Amnah Saida. – O‘zbekistonda ham, Pokistonda ham aholining 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etadi. Keyingi yillarda yosh tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar turli loyihalarning amalga oshishiga sabab bo‘lyapti va ular bir-biriga o‘xshash. Ikki davlat yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan forumlar hamkorlikni mustahkamlashga, yangi, istiqbolli startap loyihalar amalga oshishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, tadbirda Samarqand viloyatidagi yirik sanoat zonalarida faoliyat yuritayotgan yosh rahbarlar va tadbirkorlar ham qatnashib, ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

Dilnoza Ahmadova.