Sun’iy intellekt raqibingiz emas
Bugungi raqamli texnologiyalar asrida sun’iy intellekt (SI) hayotimizga jadal kirib kelayotgani taraqqiyotning tabiiy bosqichi. U inson mehnatini yengillashtirmoqda, vaqtni tejamoqda va murakkab jarayonlarni soddalashtirmoqda. Shu bilan birga, jamiyatda turli savol va xavotirlar ham tug‘ilayotgani sir emas: «Inson o‘qimay qo‘yadimi?», «Texnologiya ish o‘rinlarini qisqartirmaydimi?», “Inson fikrlashdan uzoqlashmaydimi?”...
Bu savollar har qanday yangi texnologik inqilob davrida yangragan. Bir vaqtlar radio, televideniye, kalkulyator yoki internet ommalashganida ham xuddi shunday munosabat bo‘lgan. Vaqt esa shuni ko‘rsatdiki, texnologiya insonni emas, uning imkoniyatlarini o‘zgartiradi.
Sun’iy intellekt nima o‘zi?
Sun’iy intellekt - inson ongiga xos ayrim vazifalarni bajara oladigan dasturiy tizimlar majmuasi. U ma’lumotlarni tahlil qiladi, qonuniyatlarni aniqlaydi va shu asosda qaror taklif etadi. Oddiy dasturlar faqat buyruqni bajaradi, SI esa o‘rganadi, taqqoslaydi va xulosa chiqaradi.
Uning asosini texnikaviy o‘rganish tashkil etadi, ya’ni katta hajmdagi ma’lumotlar orqali tizim o‘z faoliyatini takomillashtirib boradi.
Kundalik hayotimizdagi ko‘rinmas yordamchi
Bugun sun’iy intellektdan foydalanmayotgan inson deyarli yo‘q. Smartfonlardagi ovozli yordamchilar, yo‘l harakatini tahlil qiluvchi navigatsiya xizmatlari, avtomatik tarjima dasturlari, tavsiya etilgan film yoki videolar - bularning barchasi SI algoritmlari asosida ishlaydi.
U vaqtni tejaydi, xatolar ehtimolini kamaytiradi, katta ma’lumotlarni qisqa vaqtda qayta ishlaydi, ta’lim, tibbiyot, transport va biznesda samaradorlikni oshiradi.
Masalan, tibbiyotda kasalliklarni erta aniqlash, ta’limda individual o‘qitish dasturlari, biznesda bozorni tahlil qilish kabi vazifalarda SI insonga kuchli yordamchiga aylandi.
Biznes uchun yangi imkoniyatlar
Zamonaviy iqtisodiyotda sun’iy intellekt shunchaki innovatsiya emas, balki strategik vositaga aylanmoqda.
U kompaniyalar uchun: mijozlarga 24/7 xizmat ko‘rsatish, talabni oldindan prognoz qilish, marketingni shaxsiylashtirish, operatsiyali jarayonlarni avtomatlashtirish imkonini bermoqda. Natijada xarajatlar qisqaradi, xizmat sifati oshadi, qaror qabul qilish tezlashadi.
Raqamli qulaylik ortidagi mas’uliyat
Shu bilan birga, sun’iy intellekt mutlaqo xavfsiz vosita emas. U bilan bog‘liq ayrim muammolar ham mavjud. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalasi, soxta axborot va raqamli manipulyasiyalar, ayrim oddiy kasblarning qisqarishi, texnologiyaga ortiqcha qaramlik, shular jumlasidan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, katta xavf - texnologiyaning o‘zi emas, balki insonning undan noto‘g‘ri foydalanishida.
Texnologiya tafakkurning o‘rnini bosolmaydi
Sun’iy intellekt axborot beradi, lekin g‘oya yaratmaydi. U tahlil qilishi mumkin, ammo mas’uliyatni, javobgarlikni zimmasiga olmaydi. Inson axborotni, ma’lumotni tanlaydi, baholaydi va qabul qilingan qaror uchun javob beradi. Agar inson texnologiyani bilim olish vositasi sifatida ishlatsa, u taraqqiyotga xizmat qiladi. Agar u tayyor javobning iste’molchisiga aylansa, fikrlash qobiliyati susayishi mumkin. Shu bois raqamli davrda eng muhim ko‘nikma tanqidiy fikrlash, mustaqil tahlil va doimiy ta’limdir.
Sun’iy intellekt — insonning raqibi emas, balki uning yangi vositachisi. U taraqqiyotni ma’lum darajada tezlashtiradi. Ammo jamiyatning ma’naviy va intellektual salohiyatini belgilay olmaydi. G‘oya va intellektual salohiyat hamisha inson zimmasida qoladi. Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, ilm, tafakkur va mas’uliyatni unutmagan jamiyatgina ularni o‘z taraqqiyotiga xizmat qildirishi mumkin.
SamDChTI talabasi Otabek UMIROV tayyorladi.