O‘zbekiston va Qirg‘iziston: Energetika vazirliklari qo‘shma bayonot berdi

Qirg‘iziston Energetika va sanoat vazirligi hamda O‘zbekiston Energetika vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida 2021 yil 11 martda imzolangan bayonnomaga muvofiq, elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish tasdiqlangan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy Osiyo mintaqasida suvning kamligi hisobga olinib, «To‘xtagul» suv omborining o‘ta og‘ir darajaga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tomonlar xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasidagi kelishuvlarga asosan Turkmaniston gazidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Qirg‘izistonga yetkazib berildi.

Shu bilan birga, shartnoma asosidagi kelishuvlarga muvofiq, elektr energiyasini Turkmanistondan Qirg‘izistonga O‘zbekiston energetika tizimi orqali tranzit qilish energetika tizimlarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda.

«Ta’kidlash lozimki, tomonlarning xo‘jalik yurituvchi sub’yektlari o‘rtasida 2023 yilda Turkmaniston elektr energiyasi tranzitini ta’minlashga qaratilgan tegishli shartnomalar imzolangan. Ikki mamlakat energetika vazirliklari va energetika korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro hurmat va energetika tizimlari ishlash rejimining izchilligi tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda», deyiladi xabarda.