O‘zbekiston va Singapur Prezidentlari muzokara o‘tkazdilar
Uchrashuv avvalida Singapur Prezidenti davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va Singapur delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bo‘lajak O‘zbekiston Prezident saylovida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 25 yil ichida birinchisi ekani ta’kidlandi.
Joriy yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari bir necha barobar oshdi. Singapur O‘zbekistonning eng yirik investorlari safiga kirdi.
Bugungi kunda Singapurning “Indorama”, “Meinhardt Group”, “Franklin Templeton”, “Enercon”, “PSA”, “Changi Airport” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda kimyo va to‘qimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, ta’lim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida 3,8 milliard dollarlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirgan.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oziq-ovqat mahsulotlarining Singapur bozoriga yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim markazi doirasida Singapurning davlat boshqaruvi va boshqaruv kadrlarini tayyorlash borasidagi tajribasini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Singapurning O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari faoliyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi muntazam madaniy, ta’lim va turizm almashinuvlarning faollashishi qo‘llab-quvvatlandi.
Davlat rahbarlari Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy integratsiyaning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, xalqaro maydonda, eng avvalo BMT doirasida hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonida o‘zaro anglashuv va qo‘llab-quvvatlash darajasi yuqori ekanini qayd etdilar.