O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev olamdan o‘tdi

O‘zbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, teatr rejissyori Bahodir Yo‘ldoshev olamdan o‘tdi.

Bu haqda jurnalist Iqboloy Qo‘shshayeva ma’lum qildi.

Bahodir Yo‘ldoshev 1945 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. U 1970 yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 1971 — 1974 yillarda Hamza nomidagi O‘zbek akademik drama teatrida rejissyor, 1974 – 1984 yillarda bosh rejissyor bo‘lib ishlagan.

Bahodir Yo‘ldoshev 1984 yildan boshlab Abror Hidoyatov nomli O‘zbek Davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida faoliyatini davom ettirgan. Bu teatrda u "Maysaraning ishi", "Farmonbibi arazladi", "Paranji sirlari", "Qora kamar", "Ziyofat", "Iskandar", "Firidun", "Nodirabegim", "Ipak yo‘li" kabi asarlarni sahnalashtirgan. O‘zbekning buyuk rejissyori bir nechta xalqaro va O‘zbekiston teatr festivallarining mukofotlari bilan taqdirlangan.

Bahodir Yo‘ldoshev mustaqillik yillarida "Sharq taronalari" Xalqaro musiqa festivali, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi va Navro‘z bayramlariga bag‘ishlangan tadbirlarning bosh rejissyori sifatida madaniy jarayonda faol ishtirok etib kelgan.

"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati va "Zarnews.uz" sayti rejissyorning oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Eslatib o‘tamiz: dafn marosimi bugun, 16 may kuni soat 17:00 da B.Yo‘ldoshev ilgari o‘zi yashagan
Kattaqo‘rg‘on shahar Nuroniy
ko‘chasidagi 19-xonadonda bo‘lib o‘tadi.