O‘zbekiston - Xitoy: SamDU Xitoy universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytiradi
Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov Pekin xalqaro tadqiqotlar universitetida o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumida ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro forum ikki davlat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik aloqalarini har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘taydi.
22-23 yanvar kunlari Xitoy poytaxti Pekin shahrida o‘tadigan forumda ikki mamlakatdan 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilm-fan vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari qatnashmoqda.
O‘zbekiston – Xitoy ta’lim forumi doirasida SamDU rektori Xitoyning Shenyang Agrar universiteti (Shenyang Agricultural university), Jilin xalqaro ta’lim universiteti (Jilin International studiyes university), Shimoliy-g‘arb politexnika universiteti (Northwestern Polytechnical University), Xeylongjiyang universiteti (Heilongjiang University) va boshqa oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolashi kutilmoqda.
Ushbu hamkorlik shartnomalarida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, malaka oshirish hamda qisqa va uzoq muddatli stajirovkalar, qo‘shma loyihalar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Samarqand davlat universiteti
axborot xizmati.