O‘zbekistonda 2020 yil qanday yil bo‘lishi aytildi

Bugun Toshkentdagi “Milliy” stadionida sport jihozlari ortilgan xayriya karvonini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Karvonni kuzatish marosimida so‘zga chiqqan Senat raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimizning yoshlarga alohida e’tibor berishga qaratilgan siyosati haqida so‘z yuritdi.

“2020 yil yoshlarga yanada ko‘proq sharoit yaratib berish yili bo‘ladi. O‘zbekiston aholisining 65 foizini yoshlar tashkil qiladi. Kelajak yoshlar qo‘lida. Shuning uchun yoshlar qanchalik sog‘lom, bilimli va salohiyatli bo‘lsa, kelajagimiz ham porloq bo‘ladi”, deydi Tanzila Norboyeva.

Senat raisining aytishiga qaraganda, bugungi kunda O‘zbekistonda yoshlarning salomatligini yaxshilash, ularga bilim berish, dunyoqarashini kengaytirish asosiy vazifa bulib turibdi.

Bugun ta’lim, sport sohalarida boshlangan islohotlar bir necha yildan keyin o‘z natijasini beradi. Sog‘lom tanda sog‘ aql bo‘ladi, deydi Norboyeva. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahri yoshlariga jo‘natilgan ushbu xayriya karvonidan qariyb 50 milliard so‘mlik qiymatga teng 96 turdagi sport jihozlari, inventarlari va kiyimlari joy olgan. Ular 230 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablariga hamda 7 542 ta umumta’lim maktablariga yetkazib beriladi.