O‘zbekistonda harorat keskin pasayishi kutilmoqda, ayrim joylarda changli bo‘ron bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi xabariga ko‘ra, joriy yilning 16 noyabr kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 17-18 noyabr kunlari respublikaning barcha hududiga Volgabo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa hududi (Moskva viloyati) ustida shakllangan nam va sovuq havo massasi kirib keladi.
16-17 noyabrda respublika bo‘yicha shamol tezligi 17-22 m/s.gacha kuchayishi kutilmoqda. Ba’zida shamol 25-28 m/s.gacha kuchayishi mumkin, ayrim joylarda changli bo‘ron bo‘ladi.
16 noyabrda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida, 17 noyabrda O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi. 17-18 noyabrda tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
Harorat keskin pasayishi kutilmoqda. 16-17 noyabrda shimolda, 17-18 noyabrda O‘zbekistonning qolgan hududlarida harorat kechasi -5-7 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari 0-3 daraja iliq, shimolda kechasi -12-15 daraja, kunduzi 0-3 daraja sovuqgacha pasayadi.