O‘zbekistonda ilk marta “World Influencers Congress” xalqaro kongressi bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 22–27 avgust kunlari O‘zbekistonda “World Influencers Congress” (WIC) xalqaro kongressi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Kongress O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent shahar, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari tomonidan tashkil etilmoqda.
Tadbirda ishtirokchilarning taqdimotlari, konferensiyalar, biznes-uchrashuvlar, World Influencers Congress-2019 mukofot marosimi o‘rin olgan. Shuningdek, kongress mehmonlari O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyuradi.
Kongressni o‘tkazish jarayonida xorijlik ishtirokchilar uchun O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab info-turlar tashkil etiladi. Unda mehmonlar mamlakatimizning sayyohlik salohiyati haqida hujjatli filmlar suratga olishadi.
Butun dunyodagi yetakchi g‘oyalar mualliflarini birlashtirish va global inflyuenserlar tarmog‘ini yaratish kongressning asosiy maqsadlaridan biridir.
Tadbirda "Travel Magazine" jurnalining asoschisi Sharon Linguisten, "Lionsgate" marketing va monetizatsiya bo‘limi boshlig‘i Irina Shames, "NBC network entertainment" vitse-prezidenti va moliyaviy ishlar bo‘yicha direktor Jonathan Zusker, " PBS" (AQSh) telekanalining " BareFeet" dasturi boshlovchisi Mickela Mallozzi," Travel Channel" telekanalining prodyuseri va operatori R. Rodvell va boshqalarning ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.
WIC – bu turizmni rivojlantirish sohasidagi g‘oyalar va eng yaxshi tajribalarni almashish uchun dunyodagi yetakchi nufuzli bloggerlar, influenserlar va ommaviy axborot vositalarini birlashtiradigan noyob platforma.