O‘zbekistonda pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi miqdori oshirildi
Xabaringiz bor, 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori ya’ni yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirildi.
Xuddi shu sanadan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 888 000 so‘m etib belgilandi.
2022 yil dekabri oyida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan ya’ni 3 240 000 so‘mdan yuqori bo‘lgan 371 ming nafar pensiya oluvchilaring pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilindi va pensiyasi oshadigan fuqarolarga 2022 yilning dekabr oyida SMS xabar jo‘natildi.
Misol uchun 3 900 000 so‘m o‘rtacha oylik ish haqiga ega bo‘lgan fuqaroning pensiya miqdori 2023 yil 1 yanvarga qadar 3 240 000 so‘mdan hisob kitob qilingan bo‘lsa, 2023 yil 1 yanvardan boshlab esa ushbu fuqaroning pensiya miqdori 3 888 000 so‘m qayta hisob kitob qilinadi.
Ushbu tartibning joriy etilishi yuqori ish haqi olgan va pensiya tizimiga yuqori hissa qo‘shgan fuqarolarga munosib pensiyalarni tayinlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib ko‘proq haq olishiga qiziqishini oshirish, yashirin iqtisodiyotdan chiqishga, mamlakatimiz iqtisodiyotini isloh qilishda va rivojlantirishda faol ishtirok etishini ta’minlashga xizmat qiladi.