O‘zbekistonda sovuq qurol sifatida ishlatish mumkin bo‘lgan ashyolarni bemaqsad olib yurish taqiqlanadi
Sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarga quyidagilar kiradi:
➖ kasbiy, ishlab chiqarish yoki sport faoliyatida yoxud xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, sanoat usulida yoki qo‘lbola tarzda yasalgan – tig‘li, kesuvchi ashyolar (pichoqlar, bigizlar va boshqa uchi o‘tkirlangan sanchiladigan, kesuvchi ashyolar);
➖ jismoniy kuch ishlatganda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan ashyolar (beysbol bitalari, softbol o‘yini uchun bitalar).
Qonun bilan sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, jamoat joylarida olib yurish taqiqlandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-2-moddasiga ko‘ra:
➖ sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda, jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish – BHMning 0,5 – 1 baravari miqdorida (111 500 so‘mdan 223 ming so‘mgacha) jarimaga sabab bo‘ladi;
➖ sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan ov qilishda, kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, jamoat joylarida olib yurish, shuningdek, o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida olib yurish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, BHMning 1–5 baravari miqdorida (223 ming so‘mdan 1 115 000 so‘mgacha) jarimaga sabab bo‘ladi.