O‘zbekistonda uy-joy qurilishi ob’yektlarining 70 foizi seysmik barqaror emas
Mutaxassislarning qayd etishicha, O‘zbekiston aholisining uchdan ikki qismi seysmik faol zonalarda istiqomat qiladi.
Shu yilning 11 avgustida Vazirlar Mahkamasining “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda samarali amalga oshirishni tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, respublikada 12 ballik xalqaro MSK-64 shkalasi bo‘yicha intensivligi 7 ball va undan yuqori bo‘lgan zilzilalar sodir bo‘lish xavfi mavjud. Markaziy Osiyo davlatlarining bir qator seysmologik xizmatlari har yili turli jadallikdagi 3 mingga yaqin yer osti silkinishlarini qayd etadi.
Kuchli zilzilalarda eng ko‘p zarar ko‘radigan uy-joy sektori, xizmat ko‘rsatish, iqtisodiyot, sanoat va savdo sohalari bo‘lib, ularning aksariyati shaharlar va yirik aholi punktlarida joylashgan.
Ko‘plab binolar, ayniqsa, yakka tartibdagi uylar qurilish norma va qoidalarini hisobga olmagan holda qurilganligi sababli uy-joy qurilishi ob’yektlarining 70 foizi seysmik barqaror emas.
Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatida respublika hududida tabiiy ofatlar soni sezilarli darajada oshdi. Tabiiy ofatlarning o‘rtacha soni 2001-2010 yillarda 115, 2011-2022 yillarda 126 ta holatni tashkil etgan.
Ularning 46 foizi zilzilalar, 27 foizi sellar, 13,5 foizi yer ko‘chkilari, 8,7 foizi kuchli shamollar, 2,4 foizi suv toshqinlari, 1,6 foizi tabiiy yong‘inlar, 0,8 foizi qor ko‘chkilari va boshqalar hissasiga to‘g‘ri keladi.