Yarim yilda Samarqandga qancha sarmoya jalb etildi?

Joriy yil viloyatda 3,6 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish belgilangan.

Davlat investitsiya dasturiga muvofiq, joriy yilning 2-choragi yakuni bilan 1086,9 million dollar xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 128 foiz o‘sish ta’minlanganini bildiradi.

Viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sheroz Sobirov matbuot anjumanida viloyatga investitsiya jalb qilinishiga oid harakatlarni ijobiy ko‘rsatkich sifatida baholadi. Bundan tashqari, eksport sohasiga ham to‘xtalib, yarim yillikda 462,9 million dollar qiymatidagi mahsulotlar eksportga chiqarilib, ko‘zlangan reja 142 foizga (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 138 foizga) bajarilgan.

-  O‘tgan vaqt davomida 480 ta korxona tomonidan jami 738 turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi, - deydi Sh.Sobirov. - Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan hududiy investitsiya dasturiga ko‘ra, 2025 yilda qiymati 1 milliard 631,6 million dollarlik 834 ta loyiha ishga tushirilib, 23,3 mingdan ortiq ish o‘rinlarini tashkil etish belgilangan. Jumladan, 1-yarim yillikda hududiy investitsiya dasturiga asosan, qiymati 199,2 million dollarlik 332 ta loyiha ishga tushirildi. Misol uchun, Samarqand tumanida “Marjona Diyor Tekstil” MChJ negizida zamonaviy xususiy institut hamda savdo kompleksini tashkil etish loyihasi doirasida 10,5 million dollar o‘zlashtirilib, 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, yilning birinchi yarmida viloyat hokimligiga 56 ta davlatdan 170 dan ortiq xorijiy kompaniya vakillari tashrif buyurib, jami 4,6 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Viloyat rasmiylari va tadbirkorlaridan iborat delegatsiyalar shakllantirilib, 5 ta davlatga (Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Quvayt va Fransiya) xizmat safarlari amalga oshirildi va 1,2 miliard dollarlik 97 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.