O‘zbekistonda Visa va Mastercard to‘laqonli ishlamasligining uchta sababi

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidovning ma’lum qilishicha, Visa va Mastercard dunyodagi eng kuchli kompaniyalar sanaladi. Modomiki ular O‘zbekistonda to‘laqonli ishlashni boshlar ekan, mamlakatda nihoyatda kuchli raqobat muhiti paydo bo‘ladi, deb yozmoqda davletovuz.
Markaziy bank mutasaddisi O‘zbekiston mazkur xalqaro to‘lov tizimlari to‘laqonli ishlamasligi sabablarini keltirib o‘tgan.
Birinchidan, to‘lov infratuzilmasi yo‘qligi. Ish haqini Visa kartalariga o‘tkazish uchun hech qanaqa qonuniy yoki ma’muriy cheklovlar yo‘q. Banklar bunday mahsulotlarni biror joyda foydalanishning iloji yo‘qligi uchun ham taklif qilmaydi. Agar xotiram pand band bermasa, butun mamlakatda bir vaqtning o‘zida Visa va Mastercard xizmat ko‘rsatadigan 3000 mingta terminal bor, xolos. Humo loyihasi esa barcha savdo-servis korxonalarini zamonaviy to‘lov infatuzilmasi bilan jiholashni ko‘zda tutadi. Bu infratuzilma Visa, Mastercard hamda UnionPay tizimlari bilan integratsiyalashadi.
Ikkinchidan, savdo ekvayringi uchun komissiyaning yo‘qligi. Qariyb barcha mamlakatlarda savdo nuqtalarida komissiya mavjud. Shuning hisobiga to‘lov tizimining banklararo komissiyalari qoplanadi. Masalan, Rossiyada to‘lov tizimi ekvayringi uchun o‘rtacha 2-2,5% undiriladi. To‘lov tizimi ham, bank ham shundan pul ishlaydi. Mazkur mablag‘dan bir qismi foydalanuvchilarga keshbek ko‘rinishida qaytariladi. O‘zbekistonda 15 yillarcha oldin naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish maqsadida savdo nuqtalari komissiya to‘lamasligiga qaror qilingan. Hozirgi kunda to‘lov tizimlarining sarf-xarajatlari banklarning zimmasida. Visa, Mastercard yoki umuman har qanday xalqaro to‘lov tizimi bunday shartlar asosida ishlashga ko‘nmaydi. Mahalliy savdo nuqtalarini butun dunyoda bo‘lganidek har bir tranzaksiyadan 2,5-3% to‘lashga majburlash ham bo‘lmaydi. Savdogarlarimiz bunga rozi bo‘lmaydi. Savdo nuqtalarini ham tayyorlash, o‘rgatish kerak bo‘ladi.
Uchinchidan. Mahalliy kartalar bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, bitta ish haqi hisob-raqamiga bir nechta kartalarni, masalan, mahalliy va Mastercard kartalarini ulab qo‘yish mumkin. Qaysi karta qulay bo‘lsa, o‘sha kartadan foydalaniladi. Ana shunday mexanizmning mavjud emasligi esa Visa, Mastercard O‘zbekistonda ishlamasligining uchinchi sababidir. Markaziy bank bitta ish haqi hisob-raqamiga ulangan ikkita kartani chiqarish tizimining texnik asoslari ustida ishlamoqda. Shuning uchun ham Humo bozorga raqobat olib kelmaydi, degan gaplarga qo‘shilmayman. Loyihada ushbu vazifalarni hal qilish maqsad qilingan. Ishni oxirigacha yetkazsak, barcha savollar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.