O‘zbekistonda iqtisodiy faol aholining 33 foizi kamida bitta bank kreditiga ega

Shuningdek, 2020 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan besh yillik davrda 3 ta va undan ortiq kreditga ega bo‘lgan fuqarolar ulushi 5 foizdan 11 foizgacha oshgan.
Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy faol aholining 33 foizi, ya’ni qariyb 5 million kishi kamida bitta bank kreditiga ega.
Shuningdek, kredit oluvchilarning qariyb 27 foizi, ya’ni 1,4 million nafari 2 ta yoki undan ortiq kreditga ega.
Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatmoqda. Masalan, 2020 yil boshida 3 ta yoki undan ortiq kreditga ega bo‘lganlar ulushi atigi 5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilning iyuniga kelib bu raqam 11 foizga yetgan.
2 ta kreditga ega bo‘lgan fuqarolar ulushi esa shu davr mobaynida 13 foizdan 16 foizgacha o‘sgan. Bu o‘zgarishlar aholining kredit mablag‘laridan ko‘proq foydalanayotganini anglatadi.
Yana bir muhim jihat — kreditlar sonining yildan-yilga qanday o‘zgarayotganidir.
2020 yilda 1 ta kreditga ega bo‘lganlar ulushi 82 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilning iyunida 73 foizgacha kamaygan. Ya’ni, bitta kredit bilan kifoyalanayotganlar soni pasaygan, bir nechta kreditga ega fuqarolar esa ko‘paygan.