O‘zbekistonga 11 oy ichida qancha mehnat migrantlari qaytib kelgani ma’lum qilindi
2020 yilning o‘tgan 11 oyi mobaynida 467 ming nafardan ortiq mehnat migrantlari qaytib keldi. Jumladan, Rossiyadan – 257 ming, Qozog‘istondan – 129 ming, Turkiyadan – 14 ming, Koreya va boshqa davlatlardan – 66 mingdan ortiq vatandoshlarimiz qaytgan.
Qaytib kelgan fuqarolarning salmoqli qismi (49,0 foizi) chet davlatlarda qurilishning turli yo‘nalishlarida ishlab, tajriba orttirgan. Shuningdek, ularning 11,4 foizi sanoat korxonalarida, 7,8 foizi qishloq xo‘jaligi ishlarida, 10,5 foizi savdo va boshqa maishiy xizmat ishlarida, 21,2 foizi boshqa yo‘nalishlarda ishlab o‘z tajribalarini orttirgan. Bu esa ularni o‘z yashash manzillarida ishga joylashtirish jarayonida tegishli yo‘nalishlarni belgilab olish uchun muhim omil hisoblanadi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bandlikka ko‘maklashish, tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish boshqarmasi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Xorijdan qaytganlarni mehnat va kasbiy reintegratsiya qilish boshqarmasi hamkorlikda vatanga qaytgan mehnat migrantlarini ichki mehnat bozoriga reintegratsiya qilish maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganish va muhimi, ularning bandligini ta’minlash maqsadida avvalo, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolar kontingentini aniqlab olish jarayonlari tashkil etilmoqda.
2020 yilning o‘tgan 11 oyi davomida yurtga qaytgan mehnat migrantlarining 39225 nafari (84 %) uyma-uy yurib o‘rganildi, 74754 nafar (16 %) mehnat migrantlari bo‘yicha monitoring ishlari davom ettirilmoqda.