O‘zbekistonlik o‘quvchilar 54-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida 1 ta oltin, 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi

2020 yil 13-18 iyul kunlari 27 ta davlat o‘quvchilari va talabalari o‘rtasida kimyo fanidan 54-xalqaro Mendeleyev olimpiadasi masofaviy shaklda o‘tkazildi.

Avstriya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar jamoalari bilan birga yurtimiz akademik litsey va maktab o‘quvchilaridan iborat O‘zbekiston jamoasi ham ishtirok etdi.

Ikkita nazariya turda o‘tkazilgan 54-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida o‘zbekistonlik yoshlar munosib qatnashib, g‘oliblar qatoridan o‘rin oldi.

Jumladan, TPTI akademik litseyi o‘quvchisi Mirumid Mirakbarov xalqaro olimpiadada g‘alaba qozonib, shu kunga qadar kimyo fanidan yurtimiz jamoasi qo‘lga kiritgan medallar qatoriga 10-oltin medalni olib keldi.

Qolaversa, ushbu litsey o‘quvchilari Dilshodaxon Isayeva, Rustam  To‘xtaboyev va TDAU akademik litsey o‘quvchisi Sobirjon Omonovlar bronza medalni qo‘lga kiritishdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanalida ma’lumot berilishicha, umumta’lim maktablarining ikki nafar o‘quvchisi ham bronza medali bilan taqdirlangan.