O‘zbekistonlik talabalarga Rossiyaga qaytishga ruxsat berildi
Rossiya hukumati yana oltita mamlakat, shu jumladan, O‘zbekistondan bo‘lgan talabalarga o‘qishlarini davom ettirishlari uchun mamlakatga qaytib kelishiga ruxsat berdi. Buning uchun bir qator qoidalar belgilangan. Bu haqda Gazeta.uz ma’lum qildi.
O‘zbekiston, Tojikiston, Venesuela, Germaniya, Suriya va Shri-Lankadan bo‘lgan xorijlik talabalar, aspirantlar, ordinator va tayyorlov fakultetlari tinglovchilariga o‘qishlarini davom ettirishlari uchun Rossiyaga qaytishga ruxsat berildi. RF hukumati 31 mart kuni bu haqdagi farmoyishni qabul qildi, deya xabar berdi Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi.
Chet ellik talabalarning Rossiyaga kirish qoidalari
Chet ellik talabalar Rossiyaga kirishlaridan avval kamida 10 kun muqaddam elektron pochta orqali universitetni chegarani kesib o‘tish sanasi haqida xabardor qilishi lozim. Elektron pochtaga xat jo‘natilganidan keyin kirish to‘g‘risidagi axborot keladi.
Rossiyaga kelishdan eng kamida 3 kalendar kun muqaddam talaba PSR uslubida COVID-19 ga test topshirishi, agarda natija manfiy chiqsa, o‘z mamlakatida rus yoki ingliz tilida tegishli hujjatni olishi kerak.
Xorijlik ta’lim oluvchilar Rossiya hududiga kirganlaridan so‘ng 72 soat davomida qaytadan PSR-test topshirishlari lozim. Test natijalarini olgunlariga qadar ular yashash joylarida o‘z-o‘zini izolyasiyada tutishlari talab qilinadi. Izolyasiya davomida ta’lim onlayn formatda bo‘lib o‘tadi. Qaytadan test topshirmagan talabalar yuzma-yuz o‘qishga kiritilmaydi.
O‘z-o‘zini izolyasiya qilish davomida Rossiyaga kelgan chet ellik talabalarda o‘tkir respirator kasalliklarning ilk alomatlari (haroratning oshishi, tomoq og‘rishi, shamollash, yo‘tal) paydo bo‘lsa, ta’lim oluvchi zudlik bilan bu haqda universitetni xabardor qilishi va shifokor chaqirishi lozim.
Chet ellik talabalar, aspirantlar, ordinatorlar, tayyorgarlik fakultetlari talabalari uchun Rossiyaga kelishidan oldin va undan keyingi birinchi haftalarda nima qilish kerakligi to‘g‘risidagi bosqichma-bosqich ko‘rsatmalar ularga elektron pochta orqali yuboriladi, universitet veb-saytlarida va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.
Talabalarda savollar tug‘ilsa, Fan va oliy ta’lim vazirligining Situatsion markaziga +7(495)198−00−00 telefon raqami yoki scminobr@mail.ru elektron pochtasi orqali murojaat qilishlari mumkin.