O‘zbekistonning 9 hududida 529 bemor koronavirusdan davolanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda, ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar umumiy soni 2880 nafarga yetdi. Bemorlarni davolashda ijobiy natijalar qayd etilishi davom etyapti. Oxirgi bir kunning o‘zida 24 nafar, bugungi kunga qadar 2338 nafar, ya’ni 82 foizdan ortiq bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 9 hududda joylashgan shifoxonalarda 529 bemor davolanmoqda.
Hozirda 48 mingdan ko‘proq fuqaro karantinda bo‘lib turibdi. Ulardan 17 mingdan ortig‘i statsionar sharoitda karantinga qamrab olingan.
19 may kuni 13 mingga yaqin, umuman esa 528 mingdan ko‘proq laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan.