O‘zbekistonning davlat va jamiyat boshqaruvidagi 35 nafar ayollar ro‘yxati tuzildi
So‘nggi uch yil davomida O‘zbekistonda gender tengligi «taqiqlangan mavzular» ro‘yxatidan chiqarildi. Tuzilmaviy va institutsional o‘zgarishlar davom etmoqda, qonunchilik takomillashtirilmoqda, deb xabar berdi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati.
Mazkur yo‘nalishda sezilarli siljish 2019 yilda yuz berdi. Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzildi. Uch oy o‘tgach (2019 yil 21 iyun), mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Senati raisi (lavozim darajasiga ko‘ra mamlakatdagi ikkinchi odam) lavozimida Tanzila Norboyeva faoliyat boshladi. Va, sentyabr oyida ikkita muhim — «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi va «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar kuchga kirdi.
Ayollarning roli va mavqei, siyosiy-ijtimoiy hayotda ularning faolligi ortganligini yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijasiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi ayollardan iborat ekanligi ham bunga yarqin misol. Bu ko‘rsatgich 2014 yilga nisbatan ikki baravar ko‘p demakdir.
«Yuksalish» umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslari instituti ekspertlari gender tenglik masalalarini o‘rgandi. Xususan, ular tomonidan bugungi kunda davlat tuzilmalari, muassasalari hamda yirik jamoat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ayollarning Top-35talik ro‘yxati tuzildi.
Ro‘yxatni tuzishda ular ishlayotgan tashkilotlarning siyosiy kun tartibini shakllantirish, sohalarni rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga institutsional ta’sir darajasi inobatga olindi.
Qayd etilishicha, «Yuksalish» UMH Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslari instituti bilan hamkorlikda ayollarning siyosiy hayotdagi ishtirokini joylarda mahalliy darajada hamda siyosiy partiyalar faoliyatida o‘rganishni rejalashtirgan.