Ota-ona ko‘magi o‘quvchiga ishonch beradi

Bola avvalo, yaqinlarining fikriga tayanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ota-onasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bolalar xorijiy tillarni 25 foizga tezroq o‘zlashtirgan. Boladagi “Men ingliz tilini o‘rgana olaman”, degan ishonch asosan uyda shakllanadi.
Bundan tashqari, til o‘rganish jarayonida uyda bolaning xorijiy tillarni o‘zlashtirishi uchun muhit yaratish ham muhim ahamiyatga ega. Bu orqali bola o‘rganayotgan xorijiy so‘zlarni real hayotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun ota-ona bolaga uyda inglizcha multfilmlar tomosha qildirishi yoki audiokitoblar o‘qishi uchun sharoit yaratishi lozim. Bolaning xonasiga ingliz tilidagi ko‘zrgazmali vositalarni osib qo‘yish ham foyda beradi. O‘z navbatida, ota-onalar til o‘rganishda farzandlariga o‘rnak bo‘lishi muhim sanaladi. Chunki bola ota-onasining harakatini kuzatadi va takrorlaydi.
Agar ota-ona ham ingliz tilini o‘rganishga harakat qilayotgan bo‘lsa, bola uchun bu katta ilhom manbai. Bu orqali ota-ona faqat nazorat qiluvchi emas, balki bolaga sherik sifatida namoyon bo‘ladi. Ular birgalikda yangi so‘zlarni o‘rganib, kundalik topshiriqlarni bajaradi. Ko‘pincha ota-onalar “Uy vazifangni bajardingmi?” deb so‘raydi, ammo bolasi nimani o‘rganayotganiga qiziqmaydi. Farzandga topshiriqlarni tushunishda yordam berish, u bilan birga misol ishlash yoki darsni takrorlash samarali ikki tomon uchun samarali bo‘ladi. Agar ota-ona ingliz tilini yaxshi bilmasa, so‘zlarni talaffuz qilishda “Google Translate” yoki “YouGlish” kabi onlayn xizmatlardan foydalanib, bola ishtirokida o‘rganish mumkin.
Shuningdek, bugun kitob do‘konlarida ko‘plab til o‘rganish uchun adabiyotlar, qo‘llanmalar bor. Bu o‘rinda, bolaga har qanday kitobni emas, yoshiga, bilim darajasiga va qiziqishiga mos keladigan kitoblarni xarid qilish ham muhim. Misol uchun, 6-8 yoshli bola uchun rasmli, kichik-kichik ertaklar, 9-12 yoshlilar uchun “Oxford Reading Tree” yoki “Cambridge Young Readers” kabi jamlanmalar, “BBC Learning English Kids” kabi audio va interfaol platformalarni o‘qitish mumkin.
Xulosa o‘rnida aytganda, ota-onaning ishtiroki, ruhiy yordami orqali bola nafaqat tilni o‘rganadi, balki bu jarayondan zavq ham oladi. Shunday ekan, har birimiz farzandimizga yaqin hamroh bo‘lishga intilaylik.
Sarvinoz ShARIPOVA,
Shoxista ISTAMOVA,
SamDChTI o‘qituvchilari.