Dunyodagi harbiy xarajatlar «sovuq urush» davridagi rekordni yangiladi. Madridda yorug‘lik xursandchilik bilan kutib olindi. G‘azoga hujumlar yana 12 oy davom etadi

🔹 Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28 aprel kuni bayonot berib, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Rossiya qo‘shinlari 8-11 may kunlari barcha jangovar harakatlarni to‘xtatishini e’lon qilgan edi. Bu tashabbusga javoban Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy darhol, hech bo‘lmaganda, 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qildi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu taklifni izohlar ekan, bunday uzoq muddatli sulh faqatgina Rossiya prezidenti tomonidan ilgari surilgan «nyuanslar» inobatga olinsa amalga oshishi mumkinligini bildirdi. Ukraina hozircha Putin e’lon qilgan vaqtincha sulhga rasmiy munosabat bildirmagan.

🔹 AQSh Kongressining Michigan shtatidan saylangan vakili, demokratik partiya a’zosi Shri Tanedar AQSh prezidenti Donald Trampga qarshi impichment jarayonini boshladi. Uning aytishicha, Tramp Konstitutsiyani buzgan va hukumatni uzurpatsiya qilishga uringan.

🔹 Vengriya parlamenti Xalqaro jinoyat sudidan chiqish haqida qaror qabul qildi. «Bu qaror orqali biz xolislik va obro‘sini yo‘qotgan, siyosiylashgan tuzilmaning bir qismi bo‘lishdan bosh tortamiz», dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri.

🔹 AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z prezidentlik muddatining ilk 100 kunini yakunlamoqda. Saylovoldi va’dalarga qaramay, u hozirgacha Ukrainadagi urushni hatto vaqtincha to‘xtatishga erisha olmadi. Ammo ma’muriyati shu hafta qandaydir diplomatik burilishga umid qilmoqda. Shu bilan birga, hatto agar AQSh tinchlik kelishuvini ta’minlay olsa, Vladimir Putinning revansh rejalarini to‘xtatishi ehtimoli kam.

🔹 Stokgolm tinchlik muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda global harbiy xarajatlar 2,718 trillion dollarga yetdi — bu 2023 yilga nisbatan 9,4 foiz ko‘pdir. 100 dan ortiq davlat mudofaa byudjetlarini oshirgan.

🔹 Bir kun avval Ispaniya, Portugaliya va Andorrada keng ko‘lamli elektr ta’minoti uzilishi ro‘y berdi. Bundan so‘ng Madrid aholisi elektr ta’minoti qayta tiklanganini xursandchilik bilan qarshi oldi. Portugaliya rasmiylariga ko‘ra, elektr uzilishi havo haroratidagi keskin o‘zgarishlar bilan bog‘liq kamyob atmosfera hodisasi natijasida yuz bergan bo‘lishi mumkin.

🔹 AQSh prezidenti Donald Tramp ayrim avtomobilsoz kompaniyalarini bojxona bojlaridan ozod etishni rejalashtirmoqda. Boshqa mamlakatlar kabi Yaponiya AQSh bojlari mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotganini aytmoqda.

🔹 Isroilning strategik masalalar bo‘yicha vaziri ma’lum qilishicha, G‘azo sektoriga qilingan harbiy operatsiyalar kelasi 12 oy davom etadi. 7 oktyabrda boshlangan urush «g‘alaba» bilan yakunlanishi kerak, deydi vazir. U qanday g‘alaba nazarda tutilganini aniqlashtirmagan. Urush davomida 52 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘lgani aytilmoqda.

G.Xoldorova tayyorladi.