Chet tilini o‘rganish bugungi kunning talabi(mi?)

Dunyoda ilm-fan, texnologiya va madaniyatlar keskin sur’atlar bilan rivojlanayotgan bir paytda, chet tilini o‘rganish nafaqat bilimli inson, balki zamonaviy shaxs bo‘lishning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Har bir til – bu yangi dunyo, yangi fikrlar olami. Ayniqsa, ingliz, nemis, fransuz, xitoy yoki arab tillari bugungi global muhitda imkoniyatlar eshigini ochuvchi kalitdir.

Yurtimizda ham so‘nggi yillarda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada oshdi. Maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab, oliy o‘quv yurtlarigacha chet tillarini o‘qitish sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat tomonidan tashkil etilgan “Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish” dasturlari, xorijiy til o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari va xalqaro til sertifikatlarining joriy etilishi bunga yaqqol misoldir.

Institutimizning Payariq filiali xorijiy tillar fakultetida 300 dan ziyod talaba rus filologiyasi, ingliz tili va adabiyoti mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil oladi. Ularning 200 nafardan ziyodi turli xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritgan. Jumladan, F.Zokirova ilm-fan va innovatsion g‘oyalar bo‘yicha yil talabasi bo‘lgan bo‘lsa, xorijiy til adabiyoti kafedrasi talabasi U.Abduhakimova “Institut rektori” stipendiyasi sohibasi bo‘ldi.

Talabalarimiz xorijiy tillarni o‘rganish bilan bir qatorda sport, shuningdek, “Yosh xoreograf” va “Lider qizlar” to‘garaklariga qatnashib kelmoqda. Haftaning har chorshanba kuni talabalar uchun mustaqil izlanishlar kuni deb e’lon qilingan. Shu sababli ular ustozlari yordamida mustaqil izlanishlar olib bormoqda.

Chet tillarini bilish faqat tarjima qilishdan iborat emas, balki boshqa xalqlarning hayot tarzi, madaniyati hamda fikrlash tarzini tushunishga ham yordam beradi. Turli sohalarda o‘zaro xalqaro tajriba almashish imkonini beradi. Masalan, yoshlarimiz xorijiy tillarni o‘rgangan holda, xorijdagi grant dasturlarida qatnashmoqda, ilmiy maqolalar chop etmoqda, xorijiy kompaniyalarda ishlamoqda.

Farzandlari kelajagini o‘ylagan ota-onalar ularga yoshligidan til o‘rganishlari uchun imkoniyat yaratib berishsa ma’qul bo‘lardi. Yoshlarimiz kitob o‘qib, mobil ilovalardan foydalanib, so‘z boyliklarini oshirishlari kerak. Chunki ilm va til o‘rganishga sarflangan mablag‘, kelajak uchun qo‘yilgan eng to‘g‘ri sarmoya hisoblanadi.

Komila MAHMUDOVA,

Farrux XOLBOYeV,

Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchilari.