O‘zbekistonning suvereniteti daxlsiz
Rus siyosatchisining o‘ylamay aytilgan gapidan keyingi o‘ylar va kelib chiqadigan xulosalar
Aslida u dastlab Putin rejimiga qarshi shaxs bo‘lgan. Hatto bugun rus hukumati qamoqda ushlab turgan muxolifat vakili Navalniy bilan hamkorlik ham qilgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yilda Qrim anneksatsiya qilingach, amaldagi boshqaruv tarafdori, targ‘ibotchisiga aylangan.
U ayni paytda partiya lideri ham hisoblanadi.
Ha, to‘g‘ri topdingiz, gap Rossiya harbiy xizmatchisi Zaxar Prilepin haqida.
Bundan 4-5 kun ilgari u demografik inqirozdan qutulish haqidagi savolga javob qaytarib, katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bugun uni tanimaydigan, aniqrog‘i, ism, sharifini eshitmagan o‘zbekni topish amrimahol.
Shu «daraja»ga erishish uchun dastlab migrantlarga to‘xtaldi. Ular rus tilini bilmasligini aytib, davlatini birlashtirib qo‘yaqolaylik, dedi.
Yanayam taajjublisi, bunga migrantlarning o‘zi rozi, degan iddaoni keltirdi.
Xalqaro jinoyatchi, propagandist sifatida Yevropaga kiritilmaydigan shaxslar ro‘yxatidagi Prilepin shu tariqa o‘zbek jamiyatida keng muhokama uchun mavzu bo‘ldi. Shu kunlarda qaysi davraga kirmang, “Rossiya O‘zbekistonni bosib olarmish”, degan xavotirli gapni albatta, eshitasiz.
Chindan shunday xavf bormi?
Tahlilchilarga ko‘ra, bugun Rossiyada imperiyachilik kayfiyati kuchaygan. Bu Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonga nisbatan kuchayib borayotgani ham aytilmoqda. Nega? Chunki sobiq ittifoq mamlakatlaridan Kavkaz qo‘ldan ketib bo‘ldi. Ukraina haqida bilasiz: u shu holicha qoldirilganda ham avval NATO, ko‘p o‘tmay, Yevropa ittifoqiga qo‘shilishi tayin bo‘lib qoldi.
Umuman, bugungi Rossiya hukumati dunyo davlatlarini do‘stlar va do‘st bo‘lmaganlarga ajratib munosabatda bo‘lmoqda. Prilepinning efirda qilgan chiqishi rus davlatchiligining ichki siyosatini anglatadi.
Bunga o‘sha efirni juda katta media korporatsiya tarqatgani ham isbot bo‘la oladi. Qolaversa, Prilepin orqa fonidagi bannerlardan hamkorlar ham davlat kanallari bo‘lganini bilib olish mumkin. Demak, Prilepin bu gapni bilmay aytgan yoki xato gapirgan taqdirda uni efirdan olish (juda bo‘lmaganda kesish) mumkin edi. Biroq amalda unday bo‘lmadi.
Yana bir muhim tomoni, Prilepinning matbuot anjumanida aytgan gaplarini, ya’ni bir davlatni qo‘shib olish haqidagi fikrini ko‘rsatuv ishtirokchilari qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatladi.
Jamoatchilik qanday qabul qildi?
Shu o‘rinda qiziq bir holatni keltirib o‘tish o‘rinli. 7 oktyabrdan keyin, Isroil Falastin yerlariga bostirib kirganida turk qardoshlarimiz G‘azodagi qirg‘inga qarshi miting o‘tkazdi. Oqibatda amaldagi hukumat o‘zining strategik sherigi bo‘lgan AQShga qarshi chiqdi – Isroilning harakatlarini qoraladi. Yaqindagina munosabatlari iliqlashgan yahudiylar davlati rahbarlarini harbiy jinoyatchi, deb atadi.
Xo‘sh, bizning vaziyatga buning nima aloqasi bor? Gap shundaki, ayni vaziyatda jamiyatning ziyoli qatlami o‘z munosabatini bildirdi va hukumat ham shunga mos harakat qildi.
Binobarin, bu davlat darajasida hal qilinadigan masala. Qolaversa, bu kabi telbanamo gaplar birinchisi emas va aytdi-qo‘ydi-da, biz Rossiya bilan strategik sherikmiz, deb xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi.
Eslab ko‘ring, o‘z vaqtida Rossiyaning Ukrainaga agressiv harakatni amalga oshirishiga ishonilmagan. Chunki bu ikki davlatning diplomatik aloqalari juda qalin edi va ular strategik sherik edi. Xotirjamlikka berilish oqibatida Putin rejimi avval Qrimni o‘z davlatiga qo‘shib oldi. Keyin esa Ukraina hududiga ham quruqlik, ham havo orqali “harbiy amaliyot” boshladi.
Aksar hollarda Prilepin kabi nusxalarning chiqishlariga rasmiy darajada e’tibor qaratilmayapti. Albatta, deputatlar yoki nodavlat tashkilotlarining javoblari bu o‘rinda o‘tmasligi shubhasiz.
Ammo bu galgi vaziyat boshqacha tus oldi. Dastavval mudofaa vazirligi sarhadlarimiz daxlsizligi haqida Bosh qomusimizda belgilangan normani keltirib, milliy armiyamiz suverenitetimizni himoya qilishga qudrati yetishini bildirdi.
Bundan tashqari, hali kuzatilmagan holat bo‘ldi – O‘zbekiston tarixida birinchi marta Rossiya elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi (aniqrog‘i, taklif qilindi). Har holda rasmiyatchilik to‘la-to‘kis bajarildi.
Holatga davlat rahbarining chiqishi nuqta qo‘ydi, deyish mumkin. Chunki Prezidentimiz o‘z chiqishida tashqi bosimlar kuchayib borayotgani haqida to‘xtaldi. Bunday vaziyatda milliy manfaatlarimizga mos to‘g‘ri yo‘lni topish oson bo‘lmayotganini qayd etdi.
Prilepinning bayonoti, balki bir chiqishi jamiyatimizni qaysidir ma’noda yagona maqsad – mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida birlashtirdi. Turli masalalar yuzasidan har xil fikrda bo‘lgan hamyurtlarimiz suverenitet borasida yakdil bo‘lishdi.
Yoqubjon Marqayev.