O‘zbekning bag‘rikengligi dunyoga namuna bo‘ladigan fazilat

Mahallamizda Sveta opa degan qo‘shnimiz bor. Qanday tadbir bo‘lmasin - to‘ymi, ma’rakami, opa bosh-qosh. Ayniqsa, Navro‘z bayramiga rosa “jon kirgizadi”.
Qizaloqlarga milliy liboslar kiygizib, sochlarini o‘rib, sahnaga olib chiqadi, milliy qo‘shiqlar ayttiradi, raqsga undaydi. O‘sha qadrli yangamiz - Svetlana Ivanova haqida ko‘pchilik juda ko‘p narsani bilmaydi. U qayerdan kelgan, millati nima? Bu bizni hech qachon qiziqtirmagan. Biz uchun bu muhim emas. Chunki u o‘zimizning Sveta opa. Farzandlarimizning sevimli momosi, go‘yo oilamiz a’zosi.
Asli O‘zbekiston - Svetlana Ivanova timsolidagidek ko‘p millatli xalqimiz uchun katta bir oila. Bugun har bir mahallamizda, har bir shaharda, asosiysi, har birimizning qalbimizda, sevimli “Sveta opa”larimiz bor. Bu aslida O‘zbekistonning o‘ziga xos yuzi - dunyoga namuna modeli bo‘la oladigan bag‘rikenglik fazilati. Bizda millatlar, tillar, urf-odatlar turli bo‘lishi mumkin, ammo Vatan tuyg‘usi, sadoqat, mehr, ahillik umumiydir.
Bugun mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillari emin-erkin, o‘zaro totuv yashashi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Bugun do‘stlik va hamjihatlik qo‘rg‘oni bo‘lmish mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda.
Mamlakatimizdagi 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati har bir millat va elat vakillarining tili, madaniyati, urf-odatlarini o‘rganish va rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bugun “O‘zbekiston - umumiy uyimiz” degan ezgu g‘oya barcha milliy madaniy markazlarning shioriga aylangani diqqatga sazovor. Bu jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhiti, tinchlik va osoyishtalikning amaliy ifodasidir.
Albatta, o‘zbeklarning bag‘rikengligi yurtimizda asrlar davomida shakllanib kelgan boshqa xalqlarga hurmat ko‘rsatish, samimiy, do‘stona munosabatda bo‘lish borasidagi qadimiy qadriyatlar, umuminsoniy qarashlarga tayangan holda yondashish an’anasidan kelib chiqadi. Xalqimiz azaldan o‘zga yurtlar bilan bordi-keldili, quda-andali bo‘lib kelgan bag‘rikeng el. Bir necha yillar chegaralar yopiqligi bois o‘zga yurtdan kelin bo‘lib tushganlar, hatto o‘z yaqinlari ta’ziyasiga ham bora olmagan holatlar ko‘p bo‘ldi. Ammo bugun bir daryo suvidan ichib kelgan qadrdon qo‘shnilar - Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa xalqlar bilan yana bordi-keldi qilyapmiz, qiz olib-qiz beryapmiz, munosabatlar joyida. Bunda esa yurtimizda qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, millatlar, xalqlar o‘rtasida tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik tamoyilini vaqtida keng joriy etilgani asos bo‘ldi.
Shu jihatdan yana bir og‘riqli muammo - yaqin-yaqingacha fuqarolik maqomi muammosi ham bo‘lib, sobiq ittifoqning parchalanishi yoki boshqa sabablar tufayli yurtimizda minglab insonlar og‘ir ahvolga tushib qolgan edi. Shu o‘lkani o‘zi uchun Vatan deb qabul qilib, shu yerga kelib yashayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston fuqarosi, degan sharafga munosib ko‘rilmaganlar ko‘p edi.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlar, qonunchilikning takomillashtirilishi natijasida mana shunday notenglikka barham berildi. Ko‘plab yurtdoshlarimizga fuqarolik berilib, ular Vatanimizning teng huquqli fuqarolariga aylandi.
- Taqdir taqozosi bilan 1989-1996 yillarda Qozog‘istonda yashab, mehnat qilishimga to‘g‘ri kelgan, - deydi Samarqand shahrida yashovchi Ismoil Aliyev. - Yurtimizga qaytib kelganimdan so‘ng mehnat faoliyatimni davom ettirdim. Hozirda ikki nafar farzandim bor. Oilamdan ham, ishimdan ham ko‘nglim to‘q. Ona yurtimda to‘kis, tinch yashayapman. Uzoq yillar ko‘nglimda bir armon bor edi - shu yurt farzandi bo‘la turib, O‘zbekiston fuqarosi emas edim. 2017 yil ana shu armonim ushaldi. Prezidentimizdan behad minnatdor bo‘ldim. Bugun mening qo‘limda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti bor. Bu Vatan ishonchi. Buni oqlash uchun kelgusida Vatanim ravnaqiga hissa qo‘shishga butun borlig‘imni bag‘ishlayman.
Mamlakatimizda turli millat vakillariga teng ta’lim imkoniyati yaratilayotgani inson huquqlariga berilgan yuqori e’tiborning yorqin ifodasidir. Bu borada davlat ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari yetti tilda olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda tahsil olayotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda. O‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida ta’lim berilishining o‘ziyoq yurtimizdagi bag‘rikenglik va insonparvarlik siyosatining yorqin ko‘rinishi bo‘lib, bu ta’lim sohasidagi ijtimoiy kafolatning amaliy namunasi hamdir.
Bugun ana shunday ta’limdan bahramand bo‘lib, kasbiy kamolotga yetib, el hurmatidagi kasb egalari bo‘lganlar ham talaygina. Ulardan biri Paxtachi tumanidagi o‘qituvchi - “Do‘stlik” ordeni sohibasi Olga Stepanova bo‘lib, u umumiy uyimiz - O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shib kelayotgan noyob mutaxassislardan.
- Prezidentimizning “O‘zbekistonimizning yer osti va yer usti boyliklari ko‘p. Lekin bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bu - yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli xalqimizdir”, degan ibratli so‘zlari doim menga kuch bag‘ishlaydi, - deydi Olga Stepanova. - Men shu qadrdon yurtda qadr topdim. O‘z kasbim ortidan jonajon Vatanimizning, ona xalqimizning yuksak e’tirofi va e’zoziga sazovor bo‘ldim. Bundan baxtiyorman. Bugun Paxtachi tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida rus tili va adabiyoti fanidan yoshlarga saboq beraman. Yurtimizdagi barcha maktablar zamonaviy, ko‘rkam qiyofaga keltirilib, bu ta’lim maskanlari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Bizning maktabimiz ham rus tili va adabiyotiga oid adabiyotlar, davriy nashrlar hamda boshqa moddiy texnika vositalari bilan to‘liq ta’minlangan. Shunga munosib tarzda bizdan talab qilinadigani izlanish, o‘z ustimizda ishlash, kasbiy malaka va mahoratimizni oshirgan holda farzandlarimizni zamonaviy bilimlarni mukammal egallagan, yurt ertasiga munosib o‘g‘il-qizlar qilib kamol toptirishda munosib hissamizni qo‘shamiz.
Yana bir gap. Yurtimizda yashayotgan har bir xalq, har bir fuqaro qaysi millat, qaysi til va madaniyat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, axborot va yangiliklarga teng darajada yetishish huquqiga ega. Bu faqat demokratik jamiyatning emas, balki inson huquqlarini ta’minlashning ham asosiy ko‘rsatkichidir.
Keyingi yillarda O‘zbekiston axborot makonida kuzatilayotgan muhim o‘zgarish tillar xilma-xilligining jadal o‘sib borishi, OAV sohasidagi bag‘rikenglik siyosatining amaliy ko‘rinishidir. Ayni paytda yurtimizda faqat xorijiy tillarda axborot tarqatishga ixtisoslashgan 283 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, o‘zbek va boshqa tillarda materiallar e’lon qiluvchi 1517 ta OAV mavjud. Bu esa mamlakatda turli til va madaniyatlarga nisbatan qanday bag‘rikeng munosabat shakllanayotganini yaqqol namoyon etadi. O‘zbekiston axborot maydoni bugun nafaqat o‘zbek tili, balki rus, ingliz, tojik, qozoq, qoraqalpoq, nemis, turk va boshqa tillarda faoliyat olib borayotgan OAVlar uchun ham ochiq. Bu jarayon xalqlar do‘stligi va tillar tengligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Ha, bugun millatlararo hamjihatlikni asrab-avaylash, uning poydevorini mustahkamlash bizdan nasllarga qoladigan eng ulug‘ meros. Zero, hamjihatlik — kuchli qurol, jangsiz g‘alaba, bag‘rikenglik esa insoniylikning oliy ko‘rinishidir. Bugungi O‘zbekiston faqat geografik hudud emas, balki turfa millatlarning qalbi bir nuqtada kesishgan, orzu va intilishlari mushtarak bo‘lgan muqaddas zamindir.
Shuhrat Normurodov.