O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga qanday imkoniyatlar berilgan?

Bandlik sohasida mazkur tushuncha bugun kundalik hayotimizda faol qo‘llanilmoqda. Ayrim fuqarolarimiz bu ishning mohiyati hamda ahamiyatini anglab yetmayotgani turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, bunda fuqarolarimiz uchun qator qulayliklar va yengilliklar yaratilganki, buni to‘g‘ri targ‘ib qilib, tushuntirsak, aksariyat ishsiz fuqarolarimiz uchun faqat va faqat foyda keltiradi.

Aslida o‘zini o‘zi band qilishning ahamiyati, fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishida davlatimiz rahbarining joriy yil 8 iyun kuni qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi muhim rol o‘yadi. Negaki, qaror bilan aholini tadbirkorlik faoliyatiga yanada keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratildi.

Jumladan, 1 iyuldan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati kengaytirildi. Shu paytgacha mazkur faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari faqatgina 24 ta edi. Endi ularning soni 67 tani tashkil etadi.

Bu esa norasmiy sektorda band bo‘lganlar sonini yanada kamaytirishga xizmat qiladi. Yana bir muhim jihati shundaki, amaldagi tartib bo‘yicha fuqaro vaqtinchalik mehnat guvohnomasini 12 oylik muddatga olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 baravari miqdoridagi to‘lovni amalga oshirishi talab etilardi. Bu fuqarolarning oz bo‘lsa-da e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi.

Qolaversa, qayd qilingan mablag‘ning faqat 60 foizi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga — o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro tomonidan yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashga yo‘naltirilgandi. Prezidentimizning qaroriga ko‘ra, endilikda bunday shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi. Muhimi, ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga asosan erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar esa 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi. Pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.

Bundan ko‘rinadiki, o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro 7 yil uzluksiz muayyan turdagi faoliyat bilan shug‘ullansa, keksayganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Yana bir muhim tomoni shundaki, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ko‘rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun chet eldagi jismoniy va yuridik shaxslar — norezidentlardan xorijiy valyutadagi to‘lovlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritmagan holda yurtimiz banklaridagi hisob raqamlariga qabul qilishi mumkin. Ushbu imtiyoz bugungi axborot asrida o‘qib, o‘rganayotgan o‘z bilimi va iqtidori bilan uydan chiqmasdan Internet tarmog‘i orqali pul topuvchilar ishini osonlashtiradi.

Bundan tashqari, ular kontrakt tuzmasdan, kelishuv to‘g‘risidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yo‘li bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish) imkoniga ega.

Darvoqe, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar bo‘lgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘laydi.

Baxodir QARShIYeV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati bosh yuriskonsulti.