O‘zLiDeP saylovda g‘alaba qozonish uchun zamonaviy PR-texnologiyalardan samarali foydalanmoqchi
Shu maqsadda, poytaxtda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston-liberal demokratik partiyasi siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan joylardagi partiya tashkilotlarining siyosiy ta’lim markazlari va matbuot xizmati rahbarlari, mafkura bo‘lim mudirlari uchun ikki kunlik o‘quv seminar tashkil etildi.

Seminarda Saylov kodeksining qabul qilinishi, mamlakat ijtimoiy-siyosiy maydonida yana bir siyosiy partiyaning vujudga kelishi, boshqa bir qancha omillar bo‘lajak saylovlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichda, ochiqlik, oshkoralik tamoyillari, kuchli partiyalararo raqobat, g‘oyalar va dasturlar kurashi ostida bo‘lib o‘tishi kutilayotganligi ta’kidlandi.
- Bu esa, o‘z navbatida, O‘zLiDePning barcha tuzilmalari, deputatlik korpusi oldiga partiyaning ushbu saylovlarda munosib va samarali ishtirokini ta’minlash borasida qator vazifalar qo‘yadi. Ushbu vazifalar turli darajadagi vakillik organlari deputatligiga munosib nomzodlarni, partiya kuzatuvchilari, ishonchli vakillarini tanlab olish, ularning siyosiy, huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish masalalaridan tortib, to partiyaning o‘z elektorati, saylovchilar bilan aloqalarini mustahkamlash, zamonaviy PR-texnologiyalardan foydalanish kabi masalalarni qamrab oladi,- dedi tadbirda partiya siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.Shoumarov.

Seminarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jayevning “Siyosiy debatlar va saylov jarayonida siyosiy debatlarni tashkil etish usullari” hamda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti Jurnalistika fakultetining katta o‘qituvchilari Nargis Qosimova va Beruniy Alimovlarning “Bugungi axborot makonida siyosiy RR texnologiyalari va tendensiyalari” mavzusidagi ma’ruzalari barchada katta taassurot qoldirdi.

Sir emaski, ayni kunlarda matbuot nashrlaridan ko‘ra ijtimoiy tarmoqlarning o‘quvchisi ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Saylov jarayonlarida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning ahamiyati va zamonaviy usullari mavzusida taniqni blogger Nozim Safariy bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot shakldagi amaliy mashg‘ulotda ishtirokchilari bu boradagi bilimlarini yana bir karra mustahkamladi.
O‘quv seminarida partiyaning yangilangan dasturi va saylovoldi loyihasi muhokama qilindi hamda taklif va tavsiyalar o‘rganildi.
Baxtigul Karshiyeva,
O‘zLiDeP Samarqand viloyat
Kengashi matbuot kotibi.