«Ozodlik oroli»ga qilingan hujum yoki Fidel Kastroga ilk suiqasd

Uzoq yillar Kuba davlati AQShning shakarqamish yetkazib beruvchi maydoniga aylanib kelgan. 1959 yilgi inqilobdan so‘ng hukumat tepasiga Fidel Kastro kelgach, 400 gektarga yaqin yerni amerikalik boylarning qo‘lidan tortib olib kambag‘al dehqonlarga bo‘lib berdi. Asosan amerikaliklarga qaram bo‘lgan o‘nlab korxona va banklar ham davlat hisobiga o‘tkazildi. 1960 yilga kelib AQSh bunga javoban Kuba bilan siyosiy va savdo-sotiq aloqalarini butunlay uzdi.

Biroq bu bosim «Ozodlik oroli»ni qo‘rqita olmadi. Kastro esa yordam so‘rab SSSRga murojaat qildi. 1960 yilning fevral oyida Kuba poytaxti Gavanaga sobiq Sovet ittifoqi rahbarlaridan biri Mikoyan kelib Sovet-Kuba savdo shartnomasini tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Bitimga ko‘ra, SSSR Kubadan shakarqamish sotib oladigan, okean ortiga esa neft va neft mahsulotlari, shuningdek, 100 million AQSh dollari miqdorida kredit beradigan bo‘ldi.

Kubaliklarni iqtisodiy tanazzulga uchratish oson emasligini bilgan AQSh prezidenti Eyzenxauer Kastro hukumatini ag‘darishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. U Kuba revolyusiyasi tufayli Floridada o‘rnashib olgan kubalik emmigrantlarning qo‘llab-quvvatlashiga ishondi. Markaziy razvedka boshqarmasi ularni tayyorlash uchun 13 million dollar mablag‘ ajratdi.

Yolg‘on va’da

Kuba hukumatini ag‘darish harakatlari endi boshlangan vaqtga kelib AQShda prezident o‘zgardi. Yangi prezident Jon Kennedi Kubaga qarshi rejani ma’qulladi. Mayamida yashovchi kubalik emigrantlar «Kuba revolyusion kengashi» nomli hukumat tuzishdi. Biroq yangi prezidentga ularning bu qadar ochiq ish olib borishi yoqmadi. Mustaqil davlatga oshkora hujum ko‘p davlatlarga, jumladan SSSRga yoqmasligi mumkin deb hisoblardi Kennedi. Xullas, «Ozodlik oroli»ga hujum rejasi 1961 yil 4 aprelda tayyor bo‘ldi.

Operatsiya boshlanishidan bir necha kun ilgari Kennedi matbuot konferensiyada AQSh qurolli kuchlari har qanday vaziyatda ham Kubaga hujum boshlamaydi, deb e’lon qildi. Ammo Nikaragua, Gvatemala va AQShning o‘zidagi harbiy lagerlarda jangarilarni tayyorlash davom ettirildi. Kastroning raqiblari esa Kubaning o‘zida hujumga tayyorlanayotgan edi. Biroq Kuba xavfsizlik xizmati «Beshinchi kolonna» rahbarlarini qamoqqa oldi.

Amerikaliklar kubalik emigrantlardan tuzilgan harbiy qo‘shin qo‘mondoni Xose Alfredo San-Romanga hujum amalga oshmay qolganida dengiz piyodalarini yordamga yuborishlarini va’da qilishgandi. 1961 yilning aprelida Kubada bor-yo‘g‘i 24 ta harbiy samolyot bor edi. 15 aprel kuni 8 ta amerikalik samolyotlar kubaliklar aerodromiga bomba tashladi. Biroq kubaliklar o‘z aviatexnikalarini yashirishga ulgurdi. Bor-yo‘g‘i ikkita buzuq uchuvchilarsiz turgan samolyot portladi, xolos. Kubaliklar 2 ta amerikaliklarning samolyotini urib tushirdi.

Hujum va mag‘lubiyat

Jangarilar 16 aprel kuni kechasi ikki marta Orente provensiyasiga qirg‘oq bo‘yiga hujum qildi, ammo, barcha urinishlar zoye ketdi. 17 aprel kechasi kubalik emigrantlardan iborat jangarilar Kochinos bo‘g‘oziga o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi. Biroq yuz kishidan iborat xalq militsiyasi jangchilari ularga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Natijada Kuba hukumatini «bir nafas»da bosib olish ularga nasib qilmadi. 

Hukumat qo‘shinlari jangarilarni qirg‘oq bo‘yi tumanlaridan biriga qisib, artilleriya va tanklardan o‘q tuta boshladi. Kastro qo‘shini ustiga samolyotlardan bomba tashlashdan jangarilar bosh tortishgach, amerikalik uchuvchilar osmonga ko‘tarilishdi. Biroq zenit to‘plari ostida qolishdi. Natijada ikkita samolyot urib tushirildi.

1961 yil 19 aprelda amerikaliklarning hujum rejasi butunlay barbod bo‘ldi. Mazkur hujum natijasida Markaziy razvedka byurosi xodimlari va jangarilardan 120 nafari halok bo‘ldi. 1200 kishi asirga olinib, 4 desant kemasi cho‘ktirildi. Shuningdek, raqiblarning 12 samolyoti, 10 tanki va  20 bronemashinasi ishdan chiqarildi. Kubaliklar esa 156 jangchi, 2 samolyot va 1 tankidan ayrildi.

Qisqa muddat davom etgan janglardan so‘ng noto‘g‘ri reja tuzgan Markaziy razvedka byurosining direktori ishdan ketdi.

AQSh qo‘shinlarining kutilmaganda mag‘lubiyatga uchrashi xalqaro maydonda katta shov-shuv ko‘tardi. BMT bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 40 davlat vakillari amerikaliklarning tinch Kubaga bo‘lgan qonli urushini qoralab chiqdi. Ayrim davlatlarda namoyishchilar Amerika elchixonalarini qamal qilishdi. Kuba hukumati yetkazilgan zararni 53 million dollarga baholadi. Kelgusi yilda AQSh hukumati asirlarni qaytarishi evaziga 53 million dollarlik dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.

Shunday qilib AQShning Kuba qahramoni Fidel Kastroning yo‘q qilish rejasi butunlay barbod bo‘lgan edi.

Dilmurod To‘xtayev tarjimasi.