Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga yordam puli beriladimi?

Bu haqda moliya tizimi mutaxassislari nima deydi?

- 2022 yil 29 iyunda Prezidentning “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi, - deydi Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish va ijtimoiy sug‘urta nafaqalarini to‘lovlarini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i Alijon Xo‘janov. – Ushbu qaror ijrosiga ko‘ra, yordam puli har bir ko‘mak oluvchiga uning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish uchun tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi loyihalarini amalga oshirish maqsadida bir marta beriladi (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida).

Yordam pullari tuman (shahar) hokimliklari rahbarligida tashkil etilgan Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha “dastlabki ijtimoiy-imoddiy yorldam paketi”ni berish masalasini ko‘rib chiquvchi idoralararo doimiy komissiyalarning qarorlari asosida berilib, 2023 yil va keyingi yillar uchun tuman (shahar) byudjetlari mablag‘lari hisobidan, yetishmagan qismi bo‘yicha esa viloyat mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Ko‘mak oluvchilar jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin 3 oy muddatda ishchi organga o‘zining tadbirkorlik, me’morchilik yoki hunarmadchilik kabi yo‘nalishlardagi aniq loyihasini ilova qilgan holda ariza taqdim etadi.

Loyihani moliyalashtirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosani tayyorlashda boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlik, me’morchilik yoki hunarmandchilik faoliyatining natijadorligi va daromadli ekanligi, mahalla fuqarolar yig‘inining ijobiy tavsiyasi, kam ta’minlangan yoki yolg‘izligi, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan yoki voyaga yetmagan farzandi borligi, ko‘p (4 va undan ortiq) farzandi borligi va moddiy ko‘makka muhtojligi, noturar joylarda istiqomat qilayotganligi kabi mezonlarga asoslanadi.

Ko‘mak oluvchilarga yordam pulini berish uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli foydalanilishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.